Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Farg‘ona shahar hokimligining bayonoti
2020-02-20 21:06:24 1281
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona shahar, Yangisoy mahallasi, Yangi Turon ko‘chasida joylashgan sobiq “Bolalar futbol o‘yingohi” bo‘lgan, Farg‘ona shahar hokimligi zaxirasidagi yer maydonida noqonuniy qurilgan uy-joylarning buzilishi va davlat zaxirasiga qaytarilishi bo‘yicha xabarlar eʼlon qilinmoqda.
Shuni maʼlum qilamizki, 2019 yil 27 iyunь kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi L.Ruzmatov, N.Ruzmatov, R.Mo‘minov, R.Sulaymonovlarga nisbatan 6 sotixdan jami 24 sotix yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlarni javobgarlar hisobidan buzdirish va ularning har biridan davlat foydasiga 405 460 so‘mdan davlat boji undirish haqida qaror qabul qilgan.
Ushbu qaror yuzasidan javobgar fuqarolar tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudiga kassatsiya shikoyati yozilgan. Viloyat sudi kassatsiya instantsiyasining ajrimi bilan birinchi bosqich sudning hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar davlat ijrochisining 2019 yil 20 sentyabrь hamda 3 dekabrdagi qaroriga asosan javobgar fuqarolarga o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlarni buzish uchun 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan.
Ijro harakatlari davomida 2020 yil 17 fevralь kuni bino-inshootlarning buzilishi ko‘zdan kechirilganida, shu kunga qadar buzilmaganligi aniqlangan va har bir javobgardan bu haqida tushuntirish xati olingan.
Ular o‘z tushuntirishlarida joriy yilning 18, 19-fevralь kuni o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlarni ixtiyoriy ravishda buzib tashlashlarini bayon etishgan.
Majburiy ijro harakatlari davomida har bir javobgarga 19 fevralь kuni maxsus talabnoma berilib, 20 fevralь kuni soat 10 da bino-inshootlar majburiy tartibda buzib tashlanishi haqida ogohlantirilgan.
Joriy yilning 20 fevralь kuni sud qarorida ko‘rsatilgan bino-inshoot joylashgan manzilda Majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar davlat ijrochilari, hokimlik, ichki ishlar, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari ishtirokida ishchi guruhi to‘plangan hamda sud qarori bilan buzilishi belgilangan bino-inshootlarning tutash devorlari maxsus texnika va ishchi kuchi yordamida majburiy tarzda buzilishi taʼminlangan.
Fuqarolar R.Sulaymonov, N.Ruzmatov, R.Mo‘minov, R.Ruzmatovlar va ularning oila aʼzolari ijro harakatlariga faol qarshilik ko‘rsatganligi sababli, bu haqda xolislar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Kundalik hayotimizdagi har bir masalaga kuyunchalik bilan munosabatda bo‘layotgan, fuqarolarimizning murojaatlariga befarq bo‘lmagan blogerlarga minnatdorlik bildirgan holda, shuni aytmoqchimiz:
Davlat hokimiyati idoralarining maqsadi fuqarolarga zarar yetkazish emas, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdir. Shu bois yoritilayotgan har bir masalaning qonuniy tomonlarini o‘rgangan holda jamoatchilikka yetkazish, xolis va to‘g‘ri axborot tarqatish maqsadga muvofiqdir.
Farg‘ona shahar hokimligining axborot xizmati