Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
FARG’ONA SHAHAR HOKIMI
2021-12-01 14:37:50 707
Farg’ona shahar aholisiga
M U R O J A A T N O M A S I
Assalomu alaykum, Aziz yurtdoshlar, qadrli hamshaharlar!
Barchamizga ma'lumki hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan butun O’zbekiston bo’ylab “Yashil makon” umummilliy harakati keng miqiyosda amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida katta-katta yashil maydonlar, jamoat parklari tashkil etilib, millionlab manzarali va mevali daraxtlar o’tkazilmoqda.
Bu borada bizning Farg’ona shahrimizda ham keng ko’lamli ishlar boshlab yuborilgan. Biz bunda Davlat rahbarini joriy yilning 28 sentyabr kuni Farg’ona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi davomida “Farg’ona shahrida har yili 1 milliondan daraxt ekib, Farg’onaning «yashil shahar» maqomini qayta tiklaymiz” degan so’zlarini o’zimizga dasturiamal qilib olganmiz.
Shaharda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish maqsadida sohaga mas'ul tashkilotlar mutaxassislari va Oliy ta'lim muassasalarining ilmiy xodimlarini jalb etgan holda Farg’ona shahridagi sog’orish tizimlari, ko’chalar, jamoat parklari, aholi yashash punktlari o’rganib chiqilib, shaharni “Yashil makon”ga aylantirish kontseptsiyasi ishlab chiqildi.
Eng avvalo, shaharda ekiladigan daraxtlarni o’z vaqtida va sifatli sug’orish tizimini yaxshilash maqsadida, barcha ko’chalar va mahallalardagi irigattsiya tarmoqlari xatlovdan o’tkazilib, hozirgi kunga qadar 21 ta tik sug’orish quduqlari qayta ta'mirlandi, 3 dona tik quduqlar yangi tashkil etildi.
Hisob kitoblarimizga ko’ra, bundan tashqari maxallalarda to’laqonli sug’orish tizimini yo’lga quyish uchun yana 17 ta tik sug’orish quduqlarini qurish hamda 24,2 km irrigatsiya tarmoqlarini tortish ishlari amalga oshirilishi lozimligi aniqlandi. Bu ishlarni joriy yil yakuniga qadar va kelgusi yilning 1-choragi davomida bajarish bo’yicha chora-tadbirlar belgilab olingan.
Loyiha doirasida asosiy e'tibor shaharda ekologik muhitni tubdan yaxshilashga qaratilgan bo’lib, 2021 yil kuz va 2022 yil bahor mavsumlarida 2 mln dona mevali, manzarali va butasimon ko’chatlarni ekish reja qilingan.
Jumladan, shaharning asosiy ko’chalariga 105 ming dona, aholi yashash punktlari va xonadonlarga 280 ming dona, fermer hujaliklarida dala chetlariga 320 ming dona, barcha korxona va tashkilotlardagi mavjud bo’sh maydonlar va atrof hududlariga 1 mln donadan ortiq mevali va manzarali daraxtlar ekish ishlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, Farg’ona shahar hududida
18,5 gektar yer maydonida yashil maydonlar tashkil etilishi hamda ushbu hududlarga 34 150 dona manzarali va butasimon daraxtlar ekilishi rejalashtirib olingan.
Shuningdek, hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan
barpo etilayotgan Ekoshahar hududidagi 70 gektar maydonda joylashgan “Yangi O’zbekiston” bog’ida 30 ming donadan ortiq noyob daraxtlar ekilishi ko’zda tutilgan bo’lib, hozirgi kunda 10 gektar maydonga 4 mingga yaqin daraxtlar ekilishi ta'minlandi.
Bundan tashqari, shahar hududida joylashgan 41,3 gektar maydonlarni “Jamoat park”lariga aylantirish va mavjudlarini rivojlantirish maqsadida 20 mingdan ortiq manzarali va butasimon daraxtlar ekilishi rejalashtirilgan. Jumladan,
- Farg’ona shahridagi San'at saroyining 35,4 gektar maydondan iborat bo’lgan hududiga qo’shimcha 1000 dona;
- Farg’ona shahar, Kimyogarlar ko’chasida joylashgan dam olish maskanining 1 gektar maydoniga 6400 dona;
- Aeroport ko’chasidagi 2,2 gektar bo’sh yer maydoniga 9800 dona;
- Bobur va Kashtanzor ko’chalari kesishmasida joylashgan bog’ning 2,7 gektar maydoniga 3200 dona soya beruvchi va butasimon daraxtlar ekilishi tashkil etiladi.
Qadrli hamshaharlar!
Xozirgi kunda shahrimizda 100 mingga yaqin xonadonlar mavjud. Yurtimizning iqlimidan kelib chiqib, daraxt ekish mavsumida ayniqsa, mana bu dolzarb 40 kunlikda shahrimizdagi xar bir xonadon 4 tupdan daraxt ekishga bel bog’laganda xam qo’shimcha 400 ming dona daraxt ko’kka bo’y cho’zadi va shahrimizni “Yashil makon”ga aylantirishga o’z xissasini qo’shadi.
Muqaddas dinimizda ham daraxt ekish insonga nafaqat tirikligida, balki vafotidan so’ng ham savob yetkazib turadigan ezgu amal ekanligi alohida ta'kidlangan.
Hurmatli Farg’onaliklar! Barchangizni Farg’onamizni go’zal, ekologik toza va yashil makonga aylantirishga o’z xissangizni qo’shishga chaqirib qolaman.
Biz barchamiz birgalikda Farg’ona shahrini “Yashil shahar”ga aylantiramiz.
E'tiborlaring uchun raxmat.