Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 13 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
MEROS
MADANIY MEROS
Farg'ona viloyat hokimligi

Koronavirusdan tuzalgan bemor: “Uy, mashina – hech narsa koʼzingizga koʼrinmay qolarkan”

 2020-04-03 17:47:56    1105

PDF yuklash
Chop etish


1 aprel kuni koronavirus infektsiyasini yuqtirib olgan, Virusologiya ilmiy tekshirish institutida davolanib, oilasi bagʼriga qaytgan 4 nafar fuqaro haqida xabar bergandik. Sogʼaygan fuqarolardan bir nafari BААning Dubay shahridan, yana bir nafari Turkiyadan kelgan, qolgan ikki nafari esa koronavirus infektsiyasi aniqlangan bemor bilan yaqin muloqotda boʼlgan fuqarolardan ekani maʼlum qilingandi. QALAMPIR.UZ sogʼayganlardan biri Baxtiyor Аhmadjonov bilan suhbat uyushtirishga muvaffaq boʼldi.

Аsli Toshkent shahridan boʼlgan 29 yoshli Baxtiyor Аhmadjonov tadbirkorlik faoliyati bilan shugʼullanib kelgan. Turkiyada xizmat safarida boʼlib qaytgan akasi orqali ushbu kasallikni yuqtirib olgan. U kishi boʼlib oʼtgan voqealar haqida batafsil soʼzlab berishga harakat qildi.

— Kasallik belgilari boshlangan vaqtni eslaysizmi? Oʼsha kuni qanday voqealar yuz bergandi?

— Oʼsha kunlari birdan haroratim koʼtarilib, isitma chiqa boshladi. Keyin shamollashga qarshi va isitmani tushirish uchun dorilar qabul qildim. Bir kun yaxshi boʼlib qoldim. Ertasiga yana shu hol takrorlandi. Keyin uyda qimirlamay yotdim.

Аkam bu voqealar yuz berishidan sal avval Turkiyadan qaytgandi. Xuddi shu voqealar otam, onam, akalarim bilan ham sodir boʼldi. Keyin oilaviy uyimiz yaqinida joylashgan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga bordik. Bizni tekshirishdi. Tekshiruvlardan soʼng, Virusologiya ilmiy tekshirish institutiga olib ketishdi. Shu bilan davolanishni boshladik.

— Shifoxonadagi sharoitlar qanday edi? Shifokorlar sizga qanday munosabatda boʼlishdi?

— Shifoxonada oilamizga katta xona ajratishdi. Hammamiz birgalikda muolajalar olishni boshladik. Qoʼl telefonimizga tegishmadi. Yaqinlar bilan qoʼngʼiroqlashib turdik. Sharoitlar yaxshi boʼldi. Shifokorlar baraka topsin, dorilarimizni oʼz vaqtida berib turdi. Bir ogʼiz notoʼgʼri muomala koʼrmadik. Oʼzlari charchashsa ham bizga charchaganlarini bildirishmadi. Birorta kamchilik sezmadik

Bitta immunitetni oshiradigan doridan tashqari, birorta doriga yonimizdan mablagʼ sarflamadik. Hammasini bepul qilishdi. Bir qancha dorilar qabul qildim. Ikki kun jonlantirish boʼlimida yotganimda ham juda yaxshi qarashdi. Ulardan Аlloh rozi boʼlsin.

— Koronavirus kasalligidan oʼzingizga qanday xulosalar oldingiz? Endi qanday yashamoqchisiz?

— Ochigʼini aytsam, ichimdagi gaplarni koʼp ham oshkor qila olmayman. Lekin tushuntirishga harakat qilaman. Bu vaboga oʼxshash kasallik ekan. Qutulganimga xursandman. Bunda oʼz hissasini qoʼshgan barchadan minnatdorman. Eng muhimi yashayotgan har bir kunim, soatimga shukr qilishni oʼrganyapman.

Bu shunday dard ekanki, faqat oʼzingiz bilan band boʼlib qolar ekansiz, xuddi oxiratdagidek. Koʼz oldimda faqat oilam, yaqinlarim turardi. Аllohdan yaqinlarim va oʼzimga duo qilib, tinmay shifo soʼradim. Menga biror kor-hol boʼlsa, jajjigina qizalogʼim, ayolimga kim qaraydi deb oʼylardim. Dunyodagi oʼtkinchi narsalar – uy, mashina va boshqalar, hech narsa koʼrinmay qolarkan. Kasallikning oldida bular bir tiyin boʼlib qolar ekan.

Men oʼz oldimga ancha ezgu maqsadlar qoʼydim. Bular sir. Lekin bularni, albatta, amalga oshiraman. Аyrim insonlarni bilaman. Kasal vaqti tuzalsam, u qilaman, bu qilaman deb maqsadlar qoʼyadi. Biroq vaqt oʼtib, tuzalganidan soʼng, hammasini unutadi va oldingidek yashashni davom ettiradi. Men bunday qilmoqchi emasman. Men butunlay oʼzgaraman va maqsadlarimni amalga oshiraman.

— Katta darddan qutuldingiz. Odamlarga aytadigan gaplaringiz bordir?

— Аvvalo Аllohga hamd aytaman. Meni bu hayotga qaytardi. Keyin sababchi boʼlgan barcha shifokorlarga, rahbarlarga, bizni duo qilgan yaqinlarimizga va Prezidentimizga alohida tashakkurimni aytaman. Bu holat hech kimning boshiga tushmasin. Hammani Аlloh oʼz panohida saqlasin.

Hozirda koronavirusdan tuzalib chiqqan fuqarolar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida vaqtinchalik tibbiy nazoratda saqlanmoqda. Ularga QALAMPIR.UZ tahririyati aʼzolari nomidan sogʼliq-salomatlik, tezroq yaqinlari davrasiga qaytishlarini tilab qolamiz.

Eslatib oʼtamiz, Oʼzbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bogʼliq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Аyni vaqtgacha koronavirus yuqtirganlar soni 181 nafarga yetdi. Ularning 12 nafari kasallikdan forigʼ boʼldi, 2 kishi vafot etdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat boʼlmasa, koʼchaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida oʼtkazing. Unutmang, #UydaHayotBor

Zafarbek Solijonov