Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
RIVOJLANAYOTGAN FARG‘ONA: INVESTISIYA IQTISODIYOTNING YETAKCHI KUCHI
2020-08-28 13:57:13 1265
Salomatlik – yashash uchun eng muhim omil ekanligini bugungi pandemiya davrida barchamiz teranroq anglab yetdik.
Darhaqiqat mamlakatimizda hukumatimiz tomonidan hududlar aholisi uchun ixtisoslashtirilgan tibbiyot xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini oshirish, ularni zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar va butlovchi qismlar bilan jihozlashga ko‘maklashish maqsadida xususiy tibbiyot klinikalarini moliyalashtirish davom etmoqda.
Ana shunday tibbiyot majmualaridan biri Farg‘ona shahrida joylashgan “A-Doctor-A” klinikasidir. Ushbu tibbiyot maskani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6-7 may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida nazarda tutilgan Farg‘onashahrida cog‘lomlashtirish markazlari faoliyatini tashkil etish investisiya loyihalaridan biri sifatida qad rostladi.
Klinikaning bunyod etilishidagi loyihaning umumiy qiymati 5 milliard so‘mni tashkil etadi. Shundan 1,5 milliard so‘m moliyaviy yordam bank tomonidan ajratilgan kredit xissasiga to‘g‘ri keladi.
2020 yilning aprel oyidan faoliyatini boshlagan ushbu muassasada 30 nafardan ziyod yangi ishchi o‘rni yaratilgan. Inson hayotiga xavf soluvchi turli asab va bo‘g‘im kasalliklarini aniqlab, davolanayotgan ushbu maskanga har kuni 100 nafardan ortiq bemorlarga to‘g‘ri tashxis qo‘yilib, o‘z vaqtida muolaja boshlanadi.
Markazga zamonaviy UZI, EKG, EXO apparatlari Xitoy va Rossiya davlatlaridan keltirilgan bo‘lib, ular orqali bosh miya qon tomirlari, buqoq va boshqa qo‘shimcha kasalliklar aniqlanadi.
Mazkur klinikaning o‘ziga xosligi shundaki, muolaja jarayonida asab kasalliklarini keltirib chiqaruvchi qo‘shimcha kasalliklar ham aniqlanib, bir vaqtning o‘zida umumiy davo muolajalari qo‘llaniladi. Markazda nevrolog, gastrentolog, kardiolog, revmatolog, endokrinolog singari shifokorlar ko‘rigidan o‘tish mumkin.
“A-Doctor-A” klinikasi bosh shifokori Asliddin Polvonovning aytishicha, kelgusi rejalar katta. Klinika yaqinida 4 qavatli qo‘shimcha bino qurilishi boshlangan. Yangi bino to‘liq foydalanishga topshirilsa, 1-2 qavatlarda ambulator muolajalari hamda bir vaqtning o‘zida ko‘plab bemorga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega keng tarmoqli poliklinika paydo bo‘ladi. Bunda “Asaka” bankning moliyaviy ko‘magidan foydalanish niyat qilinmoqda.
Shahrimizda qo‘shma korxonalar soni ko‘paymoqda
Jamiyatimizda faol biznes muhitini yaratish, tadbirkorlarga g‘ov bo‘lib kelgan barcha to‘siqlarni bartaraf etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash natijasida so‘nggi paytlarda qo‘shma korxonalar soni sezilari darajada oshmoqda.
Xususan, 2019 yil 8-fevralida "Farg'onaazot" AJda yiliga 7,8 million dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega polietilen devor qog‘oz ishlab chiqaradigan "Winchemical LLC" yangi qo‘shma korxonasi ishga tushirildi. “Winchemical” Koreya-O‘zbekistonqo‘shma korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 25 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi kimyo sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq barpo etilgan bo‘lib, ularning ta'sischilari 51 foiz ulushda Janubiy Koreyaning "Winhousing International" kompaniyasi, 49 foiz ulushda "O‘zkimyosanoat" AJ yetakchi davlat korxonalaridan biri hisoblangan “Farg'onaazot” aksiyadorlik jamiyatidir.
Qo‘shma korxona loyihasining umumiy qiymati 3,1 million AQSh dollarini tashkil etadi.
Hududining umumiy maydoni: 6,4 gektarni tashkil etadigan korxonada qariyb 5543 m2 yer maydoni ishlab chiqarish ob'ektlariga to‘g‘ri keladi.
Bu yerda ishlovchi o‘ttiz nafar ishchi-xodimlarning asosiy faoliyati o‘zaro bog‘langan polietilen ko‘pik asosida zamonaviy fon rasmi, matlar va keng izolyasiya materiallari ishlab chiqarishdir.
Bugungi kunda korxona mahsulotlari mahalliy bozor hamda qo‘shni respublikalar – Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasi bozorlarida keng namoyish etilmoqda. Bundan tashqari, energiya tejaydigan uylar qurish davlat dasturi qabul qilinganligi munosabati bilan korxona issiqlik izolyasiyasi mahsulotlari yetkazib beruvchilar ro‘yxatiga kiritilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda bunday innovasion energiyaning samarador materiallari Janubiy Koreyaning zamonaviy texnologiyalar va tajribasiga asoslanganligi kompaniya mahsulotlari yurtimizda maktabgacha ta'lim vazirligi ko‘magida yangi bolalar bog‘chalari qurilishida keng joriy etilmoqda.
Ko‘plab xususiy, korporativ va davlat buyurtmachilarining ko‘shma korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotlarna talabi katta.
Yana bir muhim jihat – ushbu korxona O‘rta Osiyo va MDH davlatlari orasida o‘zaro bog‘langan polietilen (cross linked foam) asosidagi zamonaviy devor qog‘ozi va izolyasion materiallarning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Shahrimizda kimyo sohasining barqaror rivojlanishi mahsuli sifatida faoliyat olib borayotgan "Winchemical LLC" qo‘shma korxonasi sifatli va xaridorgir mahsulotlarini ishlab chiqarishi bilan oz fursatlarda katta natijalarga erishganligi, korxonaning kelajagi yanada porloq bo‘lishidan dalolat beradi.
Xalqaro universitet – xorijiy investisiya
Farg‘ona shahrida bunyod etilgan O‘zbekiston- Koreya xalqaro universiteti davlatimiz rahbarining xalqaro maydonda ilgari surgan ilmu ma'rifat yo‘lidagi ezgu tashabbusining yorqin namunasidir. Aniqroq aytganda, Yurtboshimiz bildirgan katta ishonch va imkoniyat evaziga shahrimizga investorlar oqimining jalb etilganligidir.
O‘zbekiston – Koreya xalqaro universiteti o‘z navbatida farg‘onalik yoshlarning orzulari yo‘lida erishgan muvaffaqiyatlaridan biridir, desak ham aslo mubolag‘a emas. Sababi ta'lim dargohidagi barcha darslar zamonaviy pedagogik texnologiyalar yordamida o‘qitishning eng ilg‘or usullarida olib borilishi chet mamlakatlarida ta'lim olishni istovchi yoshalr uchun ayni muddao bo‘ldi.
O‘tgan yili universitetning 7 ta fakul'tetiga 720 nafar talaba qabul qilingan bo‘lsa, ushbu o‘quv yilida 11 ta fakul'tetga 1040 nafar talaba qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.
Parrandachilikda istiqbolli rejalar
Parrandachilik bilan shug‘ullanish o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan azaliy kasb hisoblanadi. Ota-bobolarmiz uyingda parranda boqsang, yetti xazinadan biriga ega chiqasan, deb bejizga ta'kidlamagan.
Darhaqiqat, hech bo‘lmaganda uyida 5-6 bosh tovuq boqqan inson och qolmaydi, ro‘zg‘orida kunlik yeguligi tayin bo‘ladi. Parrandachilik ana shunday serfoyda, serdaromad soha. Davlatimiz tomonidan tarmoqni rivojlantirish, sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy etish, ishlab chiqarishga innovasion yondashishga ustuvor e'tibor qaratilmoqda.
Farg‘ona shahrida parrandachilikni rivojlantirish maqsadida faoliyat yuritib kelayotgan “Fergana Agro Yunit” mas'uliyati cheklangan jamiyatida hamisha ish qizg‘in. Chunki, shahrimiz aholisi qolaversa, butun vodiyni sifatli va hamyonbop tuxum mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash, jamiyatning kundalik yumushidir. Bozorlarmizda ro‘zg‘or uchun eng kerakli bo‘lgan ushbu mahsulotda hech qanday taqchillik bo‘lmasligida bugun parrandachilik firmasida tinmay mehnat qilayotgan 68 nafar ishchining hissasi katta.
“Mazkur tovuqchilik kompleksini qurish loyihasi Prezidentmizning Farg‘ona viloyatiga qilgan tashriflari chog‘ida taqdim qilingan, shu asosda 2018 yildagi investisiya dasturiga muvofiq 2 million dollarlik investisiya kiritilgan. Qo‘shma korxonani tashkil qilishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsadimiz aholini ish bilan ta'minlash, ichki bozorga parrandachilik mahsulotlari yetkazib berish va kelajakda eksport qilishdir– deydi “Fergana Agro Yunit” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Axrorjon Umarov.
2019 yilning 1 choragida to‘liq ishga tushgan mazkur parrandachilik firmasida tovuq boqish uchun mo‘ljallangan bloklar jahon standartlariga mos, kerakli jihozlarning barchasi Turkiya davlatidan keltirib o‘rnatilgan.
Mavjud innovasion texnologiyalar yordamida nasldor 280 ming bosh tovuq, 180 ming jo‘ja parvarish qilinmoqda.
Kelgusida viloyatimizning ishchi kuchiga talab eng yuqori bo‘lgan Furqat, xususan Yozyovon tumanida go‘sht yo‘nalishida 1 million bosh broyler yetishtirish maqsad qilingan. Natijada 300 nafar qo‘shimcha ish o‘rni yaratilib, ishlab chiqarish quvvatini oshirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish prognoz qilinmoqda. Asosiysi, ishlab chiqarishga yangi texnika - texnologiyalarni joriy etish, imtiyoz va imkoniyatdan samarali foydalanish “Fergana Agro Yunit” mas'uliyati cheklangan jamiyatining kelgusidagi eng muhim vazifalaridan.
Muattar MAHMUDOVA.