Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 8 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
MEROS
MADANIY MEROS
Farg'ona viloyat hokimligi

Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati bayonoti

 2020-01-29 11:51:31    1430

PDF yuklash
Chop etish


2020 yil 28 yanvar kuni Farg‘ona shahridagi 2-oilaviy poliklinikada tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holati yuz berdi.

Yuzi qonga belangan hamshiraning ayanchli holati tasvirlangan surat tezda ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib, keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘lyapti. Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari voqeani darhol o‘rgandilar.

Dastlabki o‘rganishlardan maʼlum bo‘lishicha, voqea shu kuni soat 14.30-15.00 lar atrofida ulьtratovush tekshiruvi (UTT) o‘tkaziladigan xonada yuz bergan.

Ulьtratovush tekshiruvi o‘tkazuvchi shifokor Mashhura Toshmatova va unga biriktirilgan hamshira Matluba Maʼmurova odatdagidek bemorlarni navbat bilan qabul qilishayotgan edi.

– Fuqarolarni navbat bilan qabul qilib tekshiruvdan o‘tkazayotgan edik, – deydi shifokor Mashhura Toshmatova. – Navbat 1992 yilda tug‘ilgan bir bemor qizga yetib kelganida, u bilan birga xonaga yosh bola ko‘targan ona ham kirdi. Yosh bolali ayol bolasi kasalligi, injiqlik qilib tinimsiz yig‘layotgani, tashqarida ham 3 yoshli farzandi sovuqda izillab turgani, ikkita bola bilan qiynalib ketganini aytib, navbatsiz ko‘rikdan o‘tkazib qo‘yishni iltimos qildi. Shunda men navbati yetib kirgan qizga “Аgar rozi bo‘lsangiz shu bolali ayolni sizdan oldin ko‘rib qo‘ysam”, deb ruxsat so‘radim. Qiz esa taklifimga ko‘nmay, o‘zining kasal ekanini aytib, navbatini bermadi. Shu bois uning o‘zini tekshirishni boshladim. Shu jarayonda qizga yosh bolali ayolga navbatini bersa qanchalik savob ish qilgan bo‘lishi mumkinligini tushuntirib nasihat qildim.

Maʼlum bo‘lishicha, shifokor qizni puxta tekshiruvdan o‘tkazib, belgilangan tartibda tashxis qog‘ozini yozib beradi. Qiz esa eshitgan nasihatdan asabiylashib, xonadan chiqib ketadi. Ko‘p o‘tmay xonaga yoshi katta bir ayol bilan kirib keladi. Аyol uning onasi bo‘lib, birgalikda tibbiy ko‘rikdan o‘tgani kelishgan ekan.

Аyol UTT xonasiga kiriboq “Nega qizimni haqorat qilasanlar?” deb baqira boshlaydi. Tibbiyot xodimlari vaziyatni harchand tushuntirishsa ham, ayol ularni eshitmay UTT shifokoriga elektr choynakni otib yuboradi. Shunda hamshira ayolni tinchlantirmoqchi bo‘lib, uning yoniga kelganida jazavaga tushgan ona va bola hamshiraga ochiqchasiga tajovuz qilib, qo‘li bilan urib, oyoqlari bilan tepib tan jarohati yetkazadi.

To‘s-to‘palonni eshitib boshqa xodimlar xonaga chiqib, ona va bolani tashqariga bazo‘r olib chiqib ketadilar. Poliklinika maʼmuriyati darhol tez tibbiy yordam bo‘limiga, voqea haqida profilaktika inspektoriga xabar berishdi.

Tez yordam mashinasi kelib, yuzi qonga belanib, xushidan ketgan hamshirani o‘ziga keltirib, birinchi yordam ko‘rsatgach, og‘ir holatda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib ketishadi.

Filialda bemorni neyroxirurg va boshqa malakali mutaxassislar ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazilib, yopiq kalla miya jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagi sinishi, burundan qon ketishi tashxisi bilan ro‘yxatga olinib, markazning neyroxirurgiya bo‘limiga statsionar davolanish uchun yotqizildi.

Hozirda bemorga zarur davo muolajalari amalga oshirilmoqda.

Ichki ishlar organlari tomonidan mazkur holat bo‘yicha zarur hujjatlar yuritilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shuni qo‘shimcha qilish joizki yuqoridagi janjalkash ona-bolalar tomonidan 2019 yil 18 yanvarь kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali 3-tez tibbiy yordami podstantsiyasi hamshirasi Dilafro‘z Bozorovaga tahdid qilgan bo‘lib, ularga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan edi.

O‘ylaymizki, bu safar mazkur voqeaga tez orada huquqiy baho beriladi.

Davlatimiz rahbari parlamentga murojaatnomasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, shifokorlarga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonlik holatlariga alohida eʼtibor qaratib, shifokorlarning jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, xalqimiz o‘rtasida ularga nisbatan hurmatni oshirish borasida aniq vazifalarni belgilab berdi. Endilikda ularga bo‘layotgan tajovuzlarga qonun yo‘li bilan chek qo‘yish vaqti keldi.