Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Farg'onada mehnat muhojirlarini tayyorlash bo'yicha markaz ochiladi
2017-10-16 11:37:05 6914
2018 yilning birinchi choragida Farg'ona viloyatida rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda Mehnat migrantlarini tayyorlash bo'yicha markaz ochiladi. Bu haqda 26 iyul kuni tashkil etilgan anjumanda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Aziz Abduhakimov Kun.uz muxbiri bilan bo'lgan suhbat chog'ida ma`lum qildi.
Ma`lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiyaga tashrifi chog'ida "O'zbekiston va Rossiya hukumati o'rtasida Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish to'g'risida" bitim imzolangan edi. Bitimga ko'ra, ikki tomon O'zbekiston fuqarolarini Rossiyada vaqtinchalik mehnat qilishga uyushgan holda jalb etish bo'yicha hamkorlikning tartibi va shartlarini belgilab oldi.
26 iyul kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun jo'nab ketayotgan bir guruh O'zbekiston fuqarolarini kuzatish marosimi bo'lib o'tdi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, yuqorida qayd etilgan bitimga muvofiq, O'zbekiston Rossiya bilan hamkorlikda mehnat migrantlarini o'qitish va ishga moslashtirish bo'yicha markazlar ochilmoqda. Dastlab ana shunday markazlardan biri tez kunlarda Farg'ona viloyatida ishga tushishi ko'zda tutilgan.
"O'zbekiston va Rossiya o'rtasida kelishilgan bitimlarga muvofiq, endilikda Rossiyada mehnat qilish istagida bo'lgan fuqarolar uchun yana ko'proq imkoniyatlar yaratiladi, ularning huquqlari himoya ostida bo'ladi. Tez kunda ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlik natijasida Farg'onada o'zbekistonlik mehnat muhojirlarini ishga tayyorlash va moslashtirish bo'yicha markaz tashkil etiladi. U yerda fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o'tishi, qaysi mutaxassislikka to'g'ri kelishini sinab ko'rishi, rus tili bo'yicha sertifikatni qo'lga kiritishi va albatta, barcha zaruriy hujjatlarni tayyorlash uchun kerakli ko'rsatmalarni olish imkoniga ega bo'ladi. Avvalari, o'zbekistonlik migrantlar Rossiyada o'ziga mos ish topish va sertifikatni qo'lga kiritish uchun ko'p vaqtini, ham naqdini sarflagan bo'lsa, mazkur markaz fuqarolarimizning O'zbekiston hududida turib, barcha jarayonlardan oson o'tishini ta`minlab beradi", deya ta`kidladi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Aziz Abduhakimov.