Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
YANGICHA FIKRLASH YANGI O’ZBEKISTON MUSTAQILLIGINING TARAQQIYOT GAROVI SIFATIDA
2024-09-08 13:18:38 2110
Xalqimiz asrlar davomida ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot orzusida yashab keldi. Bu g’oya xalqimizni o’z mustaqilligidan judo bo’lgan davrlarda ham tark etmadi. Bugungi kunda O’zbekiston xalqining milliy taraqqiyot yo’lidagi asosiy maqsadi — ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish bo’lib, bu g’oya millatimizning azaliy orzu-umidlarini, intilishlarini, bunyodkorlik faoliyatining ma'no-mazmunini ifodalaydi.
“Biz o’z oldimizga O’zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo’ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma'rifat va innovatsiya orqali erisha olamiz. Buning uchun, avvalo, islohotlarning amaliy natijadorligini oshirish, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholimizning yanada faol, yanada tashabbuskor bo’lishiga erishmog’imiz lozim”[1].
Muhtaram yurtboshimiz mazkur satrlar orqali mamlakatimizni jahonning eng rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqish g’oyasini strategik maqsad sifatida e'tirof etdilar. Ushbu g’oya xalqimizning ijtimoiy-siyosiy xayotida o’ziga xos o’rin egallashi uchun keng jamoatchilikni yangicha fikrlashga o’rgatish, zamoanaviy ilm-fan yutuqlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va albatta yoshlarimizni kelajakka bo’lgan ishonchini oshirishga qaratildi.
Mustaqillik ulug’ ne'mat. Mamlakatimiz o’zining ilk mustaqillikka erishgan yillaridan boshlab xalqimizning ijtimoiy hayotini tubdan o’zgartirishga, inson kapitali omilini shaklantirishga, mulkdorlar sinfi va shu o’rinda tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaratishga katta e'tibor qaratgan edi. Ortirilgan boy tajriba, xalqimizning mehnati va albatta mustaqillikning mohiyatini tushungan holda amalga oshirgan islohotlarimiz bugun o’z natijalarini ko’rsatmoqda. Ta'kidlash lozimki, Bugungi kunda xalqimizni yanada faol bo’lishida, yangi tashabbuslarni ilgari surishida Yangi O’zbekistonning fenomeni[2] yaratildi. Mamlakatimiz rahbari alohida urg’u berib o’tganlaridek, “...ushbu tushuncha mamlakatimizning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, yurtimizda demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi islohotlarimizning tayanch g’oyasini ifoda etadi”[3].
O’zbekiston Respublikasining Birinchi prezidenti Islom Karimov o’zining “O’zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” nomli kitobida mash'um sho’rolar davrida yuz bergan adolatsizliklar va uning ayanchli asoratlarni chuqur tahlil qilib shunday xulosa qilgan edi. “Xo’sh, bu saboqlarning mohiyati nimada? Avvalo shundaki, mahalliy partiya, sovet organlari, jamoat tashkilotlari xalqdan, uning dardi va ehtiyojlaridan ajralib, vaziyatni nazorat qilish, voqealarni oldindan bilish va ularni boshqarish qobiliyatidan mahrum bo’lib qolgan edilar”[4].
Bugun jahon davlatlari qatorida bizning mamlakatimiz fuqarolari ham o’z huquqlaridan foydalanib hokimiyat idoralarini shakllantirishda, davlat ahamiyatiga molik qarorlar qabul qilish va ularni ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati o’rnatishda, davlat ichki va tashqi siyosiy yo’lini takomillashtirishga doir qonunlarga taklif va tavsiyalar berishda to’liq erkinlikni his qilmoqdalar. Bunda yurtimizda faoliyat olib borayotgan davlat idora va tashkilotlari qatorida nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari ham xalqimizning ijtimoiy hayotini o’zgartirishga, siyosiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqdalar.
O’zLiDePning dastur va g’oyalari xalqimizning ijtimoiy ongini oshirishga, xalqning yangicha fikrlashi va dunyoqarashi ortishiga o’zining munosib hissasini qo’shishga muvofaq bo’ldi. Yaqin o’tmishimizga nazar solsak, kechagi jamiyatda ya'ni sho’ro hukumati davrida bu faollikni faqat tegishli tashkilotlar o’z zimmalariga olib, tayyor takliflarni fuqarolar nomiga rasmiylashtirib borar edilar xolos. Bunday sharoitda davlat faqat o’z manfaatlaridan kelib chiqib siyosat yurgizishini tabiiy bir hol sifatida tushunish mumkin bo’lgan.
2024 yil bo’lib o’tadigan parlament saylovlariga O’zLiDeP o’zining mutlaqo yangi strategiyasi bilan kirib kelayotganligini kuzatmoqdamiz. Saylovlarga tubdan yangicha yondashishni ko’zda tutgan strategiya dorasida O’zLiDeP xalqimiz orasida yanada faolroq bo’lishni, uyma-uy yurib, millionlab xonadonga kirib borishni, mustaqilligimizning mohiyati va bunda xususiy mulkning ahamiyatini tushuntirishni, har bir oila o’ziga xos mulkdor ekanligini shuningdek, har bir saylovchiga partiya g’oyalarini yetkazishni, ularning taklif-mulohazalarini olishni maqsad qilib qo’yganligini alohida ta'kidlab o’tish lozim.
Yaqin o’tmishimizga nazar solsak, jamiyatda yangicha fikrlashga o’tish jarayonlari avvalo, siyosiy tizimni isloh qilish, yangi huquqiy fuqarolik jamiyati qurilishida bosh islohotchilik rolini bajara oladigan demokratik davlatni shakllantirish vazifalari bilan bevosita bog’liq bo’lganligini kuzatamiz. Bunday yangi tipdagi huquqiy davlat qurish asoslari Mustaqil O’zbekistonning 1992 yili 8 dekabr kuni qabul qilingan Konstitutsiyasida, ilg’or demokratik tamoyillarga asoslangan yangi siyosiy tizimi va uning huquqiy asoslari to’liq bayon etilgan.
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq jamiyatda yangicha fikrlashga o’tish zarurati barcha sohalarda amalga oshirilishi lozim bo’lgan birinchi darajali jarayon sifatida e'tiborga olindi. Xalqimizning ijtimoiy ongiga mehnatga bo’lgan munosabat o’zgarib mehnatga yangicha yondashuv g’oyalari shakllana boshladi. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiq, madaniy va ma'rifiy sohalarda ham yangi tajribalarni qo’llash keng jamoatchilik uchun kun tartibidagi masalalar qatoriga kiritildi.
Bugungi kunga kelib Yangi O’zbekiston sharoitida mazkur jarayon yanada takomillashtirilishi, xalqimizning ijtimoiy ongini yanada rivojlantirish borasida davlat dasturlari qabul qilinmoqda, islohotlar amalda qo’llanilmoqda. “Bu ezgu maqsadni hayotga to’liq tadbiq etish uchun 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Uni amalga oshirishda biz, avvalombor, fuqarolarimiz bilan muloqot qildik, bamaslaxat ish tutdik, xalqimizning aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyatiga tayandik”[5].
O’tgan qisqa davr sahifalarida O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov mustaqilligimiz arafasida ijtimoiy ongda majburan va omonat shakllantirilgan siyosiylashtirilgan iqtisodiyotdan voz kechish yo’lini dadillik bilan tanlagan edi. Bu yo’l haqida o’zining “O’zbekistonning o’z istiqlol va taraqqiyot yo’li” nomli asarida atroflicha to’xtalib “xalq manfaatlari javob beruvchi mustaqil iqtisodiy siyosat – O’zbekistonni mustaqil rivojlantirishning ajralmas sharti” ekanligini ko’rsatib bergan edi[6].
Demokratik davlatda fuqarolarning siyosiy huquqlari kafolatlari avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratilishi, shaxsni mulkiy huquqlarini amalda ta'minlanishi bilan belgilanadi. Mulkiy huquqni ta'minlamasdan turib siyosiy ongda tub burilish qilish, yangicha fikrlashga o’tish haqida so’z ham bo’lishi mumkin emas. O’zLiDeP fraktsiyasi tashabbusi bilan tadbirkorlik va xususiy mulkchilikni qo’llab-quvvatlash jarayonlarini huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan qonunlarga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritishga, shuningdek, prezident Farmonlari, Qarorlari qabul qilinishiga tashabbuslar ko’rsatilmoqda.
Hususan: “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, “Bank siri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonunlari shular jumlasidandir.
O’zbekistonda iqtisodiy islohotlar samarali amalga oshirilganligi bois hozirga kelib mehnatga yaroqli aholining qarayib 80 foizdan ortig’i kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalarida faoliyat ko’rsatayotgani, ularning har biri u yoki bu darajada o’zini xususiy mulkiga ega ekanligini o’zi kishilarda iqtisodiy tafakkurda yangicha fikrlashga o’tganligini aniq ko’rsatib turibdi.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari avvalo, boshqaruv tizimida faoliyat ko’rsatayotgan rahbar kadrlarning eskicha fikrlash va ish yuritish usullaridan qutilish hamda yangicha fikrlashda boshqalarga namuna bo’lishni talab etadi. Ammo, eskicha boshqaruv tizimida katta imtiyozlarga ega bo’lib kelgan rahbarlarning o’z mansab maqomidan birgina qonun qabul qilish yoki kuchli nazorat o’rnatish yo’li bilan tartibga solish amalda juda qiyin masala ekanligi hammaga birdek ayondir. Eng muhimi, rahbar kadrlarning tanlagan pozitsiyasi, dunyoqarashi va ish usulining o’zgarishi nafaqat ularni o’zlari uchun katta ahamiyat kasb etadi, shu bilan birga ularning qo’l ostida mehnat faoliyati yuritayotgan oddiy kishilar ijtimoiy ongida yuz berishi zarur bo’lgan yangicha fikrlash yo’nalishlari va tendentsiyalarini belgilaydi. Yurtboshimiz tomonidan bu masalalarni keskin qo’yishi aslo bejiz emasligini hayotning o’zi tasdiqlamoqda. Bosib o’tilgan tarixiy yillar davomida rahbar kadrlarga qo’yilgan talablar va vazifalar bir zum ham e'tibordan chetda qoldirilmay kelinmoqda.
Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va modernizatsiyalash jarayonlarini samarali tashkil etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo’llab-quvvatlashda rahbarlik ish usullarini yangilash, ayrim elementlari saqlanib qolayotgan byurokratik boshqaruv metodlaridan qutilish hamda iqtisodiyotga davlat aralashuvini qisqartirish kabi dolzarb masalalar bugun ham dolzarb bo’lib turganligi, bu borada davlatimiz siyosati izchil davom etayotganligini ko’rsatadi.
Har qanday jamiyatda buzg’unchi g’oyalarga qarshi kurashish shuningdek, korruptsiyaga qarshi kurashish borasida ham samaradorlikka erishish uchun keng jamoatchilikning ishtirokini ta'minlanishi kutilgan natijalarga olib kelishi mumkin. Bu borada nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, turli yo’nalishlarda faoliyat olib boruvchi tadqiqot markazlari, turli uyushmalar va jamiyatlar aholini birlashtirishda va ma'lum bir fikr ostida muhokamalar tashkil etilishida tashkilotchi sifatida rol o’ynaydi. Uning natijalari yuqorida qayd etilgan qonun hujjatlariga asoslangan holda davlatning boshqaruv tizimiga, mansabdor shaxslariga taqdim etiladi va tegishli o’rganish va tahlillar natijasida qarorlar qabul qilinishiga ijobiy ta'sir ko’rsatadi.
Mazkur masala yuzasidan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan “Biz ochiqlik va oshkoralikni tanlaymiz” shiori ostida korruptsiya qarshi kurashi, uning salbiy illatlarini keng jamoatchilikka tushuntirish maqsadida ochiq muloqotlar o’tkazildi. O‘zLiDeP tomonidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Farg’ona viloyatiga tashrif buyurishi hamda farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuvi chog‘ida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida urg’u berib o’tgan edilar. “Men har biringizning ko‘zingizga qarab turibman, o‘zimga yarasha psixologman. Oldingidek hech kim sizlarni majburlab kirib qarsak chaldirmayapti. Men erta-yu kech bir narsani o‘ylayman — oyog‘im yerdan uzilmasin, atrofimdagilar meni aldamasin, vaziyatni o‘zim baholay”[7].
“Olim bo’lma odam bo’l”, “Birlashgan – o’zar, birlashmagan to’zar” kabi o’zbek xalq maqollari purma'no mohiyatga ega bo’lib aholi hususan, yoshlar o’rtasidagi ahloqiy tarbiyaga katta e'tibor qaratish zarurligi ko’rsatadi. Bu o’rinda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirgan holda jamoatchilik o’rtasidagi muhokama mavzularini o’rganib borish o’rinlidir. Zero, korruptsiyaga qarshi kurashishning eng samarali yo’li bu insonlarning yuksak ma'naviyatli bo’lishidir.
Partiya o’z oldida turgan yangi loyihalarni amalga oshirish, xalqimizning dunyoqarashi va siyosiy madaniyatini yanada yuksaltirishda nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV, ilmiy soha mutaxassislari bilan hamkorligini kuchaytirishni maqsad qilib oldi. Fuqarolarni turli dolzarb mavzulardagi muhokamalarda ishtirok etishlarini tashkil etish va ommalashtirish, bu borada Kasaba uyushmalari, boshqa siyosiy partiyalar, jamiyat va uyushmalar hamda o’zini o’zi boshqarish organlari bilan davlat idoralari va mansabdor shaxslarining o’zaro hamkoroligini ta'minlash, qo’shma memarandumlar imzolashga erishilishi kutilmoqda.
Insonda yangicha fikrlashni shakllanishida iqtisodiy va ma'naviy tafakkurning rolini teng darajada, bir xil hayotiy ehtiyoj sifatida ko’rish O’zbekiston mustaqillik falsafasining yangi rivojlanish yo’li sifatida tanlab olindi. Chunki, mustaqillikka erishish dunyodagi barcha davlatlarda bo’lgani kabi bizda ham siyosiy va ma'naviy madaniyatni yangilanishi, milliy o’zlikni anglanishi, milliy ma'naviy va umuminsoniy qadriyatlarni o’zaro dialektik rivojlana boshlashiga qulay shart-sharoitlar yaratib berdi.
Ma'naviyatli insonga erishishdan ko’zlangan bosh siyosiy maqsad avvalo har bir insonning mustaqil ravishda o’z hayot yo’lini to’g’ri topa bilishi, o’z oilasining baxtli va saodatli bo’lishi uchun ma'suliyatni his qilgan holda ijtimoiy-siyosiy faollik ko’rsatishiga erishishdir. Shuningdek, o’zi mansub bo’lgan xalq, millat, vatan qadr-qimmatini yuksak ko’taradigan, shu zamin, shu yurt shon-sharafi uchun, rivojlanishi va yuksalishi uchun munosib hissa qo’shishga, uni turli yot g’oyaviy va mafkuraviy xurujlardan himoyalashga har doim tayyor yangicha fikrlash va harakatga qodir kishilarni tarbiyalashdir. Fuqarolarda shunday yuksak ma'naviyatning shakllanishi yangicha fikrlashda alohida ijtimoiy-siyosiy fenomen sifatida jamiyatda demokratik o’zgarish va yangilanishlarning asosiy omillaridan biriga aylanadi.
[1] Mirziyoyev Sh.M. Yangi O’zbekiston strategiyasi. - Toshkent: “O’zbekiston” nashriyoti, 2021. – 23-b.
[2] Fenomen (yun. phainomenon — sodir boʻluvchi) — 1) gʻayrioddiy, kamdankam boʻladigan hodisa, fakt; 2) histuygʻu tajribasi bilan payqaladigan hodisani anglatuvchi falsafiy tushuncha (bu maʼnoda oʻz mohiyati jihatdan intellektual mushohada predmeti sifatida namoyon boʻluvchi noumenning qaramaqarshisi). "F." atamasini Aristotel "koʻrinuvchi", "tuyuluvchi" maʼnosida ishlatgan. Leybnits esa bu soʻzni tajribadan maʼlum boʻlgan dalillarga nisbatan qoʻllagan. I. Kant F. tushunchasi yordamida mohiyatni hodisadan keskin ajratishga uringan va hodisani bilish mumkin, mohiyatni esa bilish mumkin emas deb hisoblagan
[3] Mirziyoyev Sh.M. Yangi O’zbekiston strategiyasi. - Toshkent: “O’zbekiston” nashriyoti, 2021. – 26-b.
[4] O’zbekiston Respublikasining Birinchi prezidenti Karimov.I. O’zbekiston mustaqilikka erishish ostonasida.-T.: “O’zbekiston”, 2011. – 179-b
[5] Mirziyoyev Sh.M. Yangi O’zbekiston strategiyasi. - Toshkent: “O’zbekiston” nashriyoti, 2021. – 45-b.
[6] I. Karimov. O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. Asarlar, 1-jild. T., “O’zbekiston”, 1996, 59-bet
[7] https://www.gazeta.uz/oz/2021/09/28/corruption/