Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
OILA QONUNCHILIGIDA BOLADAN ALOHIDA YASHAYOTGAN OTA YOKI ONANING OTA-ONALIK HUQUQINI AMALGA OSHIRISH TARTIBI.
2024-06-26 10:15:10 2788
Mamlakatimizda bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri hisoblanib, bugungi kunda uning to’laqonli qonunchilik asoslari yaratilgan.
Bola huquqlari kafolatlarining qonunchilik asoslari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oila kodeksi, ”Bola huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi, “Vasiylik va homiylik organlari to’g’risida”gi qonunlar va boshqa bir qator qonun hujjatlarida o’z aksini topgan bo’lib, ularda bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash; bolaning hayoti va sog’lig’ini, qadr-qimmatini muhofaza qilish; uning kamsitilishiga yo’l qo’ymaslik; yosh avlodning jismoniy, intellektual, ma'naviy va axloqiy kamol topishiga ko’maklashish kabi bu boradagi siyosatning ustuvor yo’nalishlari belgilab berilgan.
Xususan, O’zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 76-moddasida boladan alohida yashayotgan ota(ona)ning ota-onalik huquqini amalga oshirishi belgilab qo’yilgan bo’lib, bunga ko’ra, boladan alohida yashayotgan ota (ona) bola bilan ko’rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta'lim olishi masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.
Bola bilan birga yashayotgan ota (ona) bolaning ona (ota)si bilan ko’rishishiga, agar bunday ko’rishish bolaning jismoniy va ruhiy sog’lig’iga, axloqiy kamolotiga zarar keltirmasa, qarshilik qilmasligi kerak.
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998 yil 11 sentyabrdagi 23-sonli «Bolalar tarbiyasi bilan bog’liq bo’lgan nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida»gi qarorining 7-bandida, Oila kodeksining 76-moddasiga binoan bolasidan alohida turadigan ota yoki ona bolasi bilan ko’rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish va ta'lim olish masalasini hal etishda qatnashish huquqiga ega.
Ota-ona boladan alohida yashaydigan ota (ona)ning ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi to’g’risida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onalarning, qonunga yoki sudning hal qiluv qaroriga muvofiq, boshqa shaxslar ixtiyoridagi bolalarini tarbiyalashlariga monelik qiladigan holatlarni bartaraf etish to’g’risidagi masala ham sudlar tomonidan xuddi shunday hal etilishi lozimligi belgilab berilgan.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz tomonidan navqiron avlodning har tomonlama barkamol bo’lib voyaga yetishi uchun barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgan. Jumladan, bugungi kunda bolalarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy bazaning mavjudligi mamlakatimizda bolalarning huquq va erkinliklari, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ishonchli kafolati bo’lib xizmat qilmoqda.
Farg’ona shahar adliya bo’limi bosh maslahatchisi 3-darajari yurist I.Raxmonov