Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Shahar va tumanlar hokimlari hamda sektorlari rahbarlari Farg‘ona shahrida ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan tanishdilar
2023-12-25 10:12:12 2730
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari hamda sektorlari rahbarlari Farg‘ona shahridagi “Shakarqishloq”, “Kimyogar” hamda “Mash’al” mahallalarida ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar.
"Shakarqishloq” MFYdagi Tarona ko‘chasida 82 ta ko‘p qavatli turar-joylarning yerto‘la qismida ishlab chiqarish korxonalari, o‘quv markazlari, chevarxonalar va boshqa yo‘nalishlarda tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilgan. Joriy yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 600 million so‘m mablag‘ ajratilib, Book-cafe, futbol maydonchasi hamda vorkaut maydonchalari barpo etildi.
Yaqinda mahallada o‘z faoliyatini boshlagan “Obod Tarona” boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. “Xavfsiz hudud” tamoyili asosida kompaniyaga biriktirilgan 20 ta ko‘p qavatli uylar hamda yondosh hududlari to‘liq kamera nazoratiga olingan.
“Kimyogar” mahallasida “Yashil makon” loyihasi doirasida 10 ming tupga yaqin mevali va manzarali daraxtlar hamda gul ko‘chatlari ekildi. Obodonlashtirish ishlari doirasida MFY hududida 12 ta kichik bolalar o‘yin maydonchalari, 200 ta ko‘cha o‘rindiqlari, dam olish uchun 50 ta ochiq ayvonlar, 12 ta marosimlar o‘tkazish ayvoni qurildi. Mazkur ishlar uchun 3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.
Bugun viloyat rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari hamda sektorlari rahbarlari ishtirokida “Kimyogar” mahallasida yashovchi 10 nafar hamda Qirguli mavzesida yashovchi 20 nafar bolajonlarning xatna to‘ylari o‘tkazib berildi. To‘y bolalarning har biriga velosiped hamda bosh-oyoq sarpolar, Yangi yil sovg‘alari taqdim qilindi.
“Mash’al” mahallasida ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismida tashkil etilgan Mikroorganik o‘simliklarni yetishtirish kooperatsiyasi hamda mahalla hududida yangi tashkil etilgan pardachilik syexi faoliyati bilan tanishildi, ko‘p kvartirali uylar oralig‘idagi bo‘sh turgan 1 gektar yer maydonida barpo etilgan “Yoshlar eko bog‘i” ko‘zdan kechirildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahri mahallalarida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholab, “Yashil makon” dasturi, obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar, har bir qarich yerdan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar hamda aholi bandligini ta’minlash yuzasidan ijrosini o‘zida birlashtirgan bu jarayonlarni barcha shahar va tumanlarda namunali tashkil etish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berdi.
Viloyat rahbari shahar va tumanlarda ko‘p qavatli uylar joylashgan mahallalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishda bolalar va sport maydonchalarini ko‘paytirish, ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalaridan foydalanish samaradorligini oshirish orqali ish o‘rinlarini ko‘paytirish lozimligiga alohida e’tibor qaratdi.