Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Toshdan qog‘oz chiqarayotgan tadbirkor bilan uchrashuv o‘tkazildi
2023-09-06 17:21:52 452
Bugun KOICA kasb-hunarga o‘qitish markazida "Shuhrat" medali sohibi Abdurahmon Niyazov faoliyatiga nazar solinib, tadbirkor va yoshlar, soha mutaxassislari, ishbilarmonlar ishtirokida dildan suhbat qurildi.
Abdurahmon Niyazov tomonidan 2000 yilda "Sayqal" savdo ishlab chiqarish korxonasiga asos solingan. 25 yil tibbiyot sohasida shifokor-jarroh bo‘lib ishlagan tadbirkor faoliyatini nogironlik aravachasi ishlab chiqarishdan boshlagan bo‘lsa, hozirgacha 6 ta qo‘shma korxona faoliyat olib bormoqda.
Bundan tashqari, o‘zbek-german qo‘shma korxonasi ham ochilib, 17 yildan buyon quloq eshitish moslamalari ishlab chiqarilmoqda. 2014 yildan buyon Daniya davlatidagi tadbirkorlar bilan kelishuvga erishilib, yana bir qo‘shma korxona ochilib, yosh bolalar uchun ham eshitish moslamalari ishlab chiqarilmoqda.
Tadbirkorning izlanishlari hamda sa’y-harakatlari bilan, toshdan qog‘oz yasash ham yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur loyiha MDH davlatlarida ham hali yo‘lga qo‘yilmaganligi bilan ahamiyatlidir. Tadbirkorning bu loyihasi Xitoy davlatidagi korxona bilan qo‘shma tarzda amalga oshirildi.
Tajribali tadbirkor ishbilarmonlar hamda yoshlarga avvalo, g‘oya topib, uni amalga oshirish uchun astoydil harakat qilishlari zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. A.Niyazov uchrashuv davomida sohadagi faoliyat va hamkorlikda ishonch asosiy o‘rin tutishi, bu esa tadbirkorligini yanada rivojlanishi uchun asos bo‘lganligini ta’kidlab o‘tdi.
O‘t o‘chirish moslamasi, tuproqdan suv o‘tkazmaydigan to‘shamalar, qishloq xo‘jaligi va kon-metallurgiya sohalarida foydalanilayotgan laboratoriya asbob-uskunalari, moddalari ham yurtimizda ilk bor tajribali tadbirkor tashabbusi bilan ishlab chiqarilmoqda.
Tadbir davomida yoshlarni qiziqtirgan savollariga tadbirkor va soha mutaxassislari javob berishdi. Shundan so‘ng, korxonaga tashrif buyurgan yoshlar toshdan qog‘oz yasash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.