Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Monitoring oʻrganishlari olib borildi
2023-05-03 12:10:02 573
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Fargʼona viloyat filialida monitoring tashrifini amalga oshirilib, bemorlarga yaratilayotgan sharoitlar, oziq-ovqat va sifatli tibbiy yordam koʼrsatish holati oʼrganildi.
Аniqlanishicha, ushbu tibbiyot muassasasida bemorlar majburiy va ixtiyoriy davolanish uchun jami 170 oʼrin moʼljallangan boʼlib, ayni kunda 178 nafar, shundan 98 nafari majburiy, 80 nafari ixtiyoriy davolanayotganlarni tashkil etmoqda. Bemorlarning 3 nafari ayollar boʼlib, ularga alohida xona ajratilib, tegishli muolajalar olib borilayotganligi aniqlandi.Joriy yilning 4 oy davomida sud-narkologik ekspertizasidan 289 nafar shaxs oʼtkazilgan, shundan 137 nafari fuqarolik ishlari bilan, bulardan 135 nafari surunkali alkogolizm va 2 nafarida giyohvandlik kasalliklari aniqlanib, majburiy davolanish boʼlimiga yotqizilgan. Jinoyat ishlari boʼyicha oʼtkazilgan 152 nafaridan 48 nafarida giyohvandlik, 1 nafarida zaharvandlik va 5 nafarida surunkali alkogolizm kasalliklari aniqlangan, 56 nafari epizodik narkotik isteʼmol qiluvchilar boʼlib, qolgan 42 nafarida kasallik aniqlanmagan.
Bundan tashqari, Qonunning 32-moddasida majburiy davolanayotgan shaxslarga nisbatan mehnat terapiyasini tegishli korxona, tashkilotlar bilan qonun talablari asosida tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshirish yoʼlga qoʼyilmagan. Faqatgina, ularni narkologiya muassasasi hududini obodonlashtirish ishlariga jalb qilish bilan chegaralanilgan.
Garchand, Oʼzbekiston Respublikasining “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʼgʼrisida”gi Qonunining 15-moddasida narkologik kasallikka chalingan shaxslar narkologiya muassasasi bilan tibbiy yordam va reabilitatsiya koʼrsatish toʼgʼrisida yozma shartnoma tuzish xuquqi belgilab qoʼyilgan boʼlsada, muassasada bironta bemor bilan bunday shartnoma tuzilmagan.
Oʼzbekiston Respublikasining “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʼgʼrisida”gi Qonunning 23-moddasida narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tibbiy ijtimoiy reabilitatsiya qilish faqat narkologik kasallikka chalingan shaxsning ixtiyoriy yozma roziligi asosida, narkologiya muassasasi bilan tibbiy yordam va reabilitatsiya koʼrsatish toʼgʼrisida yozma shartnoma tuzilganidan keyin amalga oshirilishi belgilangan boʼlsada, bemorlar bilan bunday shartnomalar tuzilmaganligi aniqlandi.
Shuningdek, avvalgi tashrifda ushbu Qonun talablariga zid ravishda majburiy davolanayotgan shaxslar uchun kutubxona tashkil etilmaganligi koʼrsatilib, ushbu kamchiliklarni darxol bartaraf etish, bemorlarga kerakli sharoitlar yaratish xaqida tegishli tavsiyalar berilgan edi. Hozirda ushbu kamchiliklar Ombudsman mintaqaviy vakili tavsiyasi bilan belgilangan talablarga mos ravishda bemorlar uchun kutubxona tashkil qilinganligi maʼlum boʼldi.
Bemorlar M.N, А.X va O.Plar bilan oʼtkazilgan suxbatda ularga oʼz vaqtida kerakli muolajalar oʼtkazilayotganligi, tibbiy xizmatdan eʼtirozlari yoʼqligi, oziq-ovqat taʼminotidan ham shikoyatlari yoʼqligini bildirdilar.
Monitoring jarayonida tibbiyot markazining viloyat filialidagi sharoitlar, oziq-ovqat taʼminoti, majburiy va ixtiyoriy davolanayotgan bemorlarning saqlanishi oʼrganildi. Majburiy davolanayotgan bemorlarning 18 nafari bilan ommaviy, 4 nafari bilan yakkama-yakka uchrashib, suxbat oʼtkazildi.
Majburiy davolanayotgan bemor ayollar V.K va L.O.lar bilan ham suxbat oʼtkazilganda muolajalar oʼz vaqtida oʼtkazilayotganligi, oziq-ovqat va dori-darmon taʼminotidan eʼtirozlari yoʼqligini bildirdilar. Аyollar erkaklardan ajratilgan holda alohida xonalarda davolanayotganligi, ularga ayol tibbiyot xizmatchilari xizmat koʼrsatayotganligini guvohi boʼldik.
Narkologiya muassasasidagi oshxona koʼzdan kechirilganda belgilangan menyularga asosan bemorlarga taomlar tayyorlanib, oziq-ovqat maxsulotlari toʼliq va taomnomaga mos ravishda berilayotganligi maʼlum boʼldi. Muassasada bemorlarga fizioterapiya muolajalari oʼtkazish uchun qoʼshimcha ravishda tegishli tibbiyot uskunalari keltirilganligi va hozirda ular bilan bemorlarni davolanilayotganligi aniqlandi.
Monitoring oʼrganishlari davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʼyicha tavsiyalar berildi.
А.Kamilov,Ombudsmanning Fargʼona viloyati mintaqaviy vakili.