Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Taʼlim muassasasidagi muammolar ijobiy hal etildi
2022-12-01 21:50:37 300
Bugun shahar hokimi Vosiljon Nazarov, sektorlar rahbarlari va masʼullar 3 dekabrь - Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Fargʼona shahar imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabiga tashrif buyurdilar. Rahbarlar taʼlim muassasasida oʼqituvchilar va oʼquvchilarga yaratilgan shart-sharoitlarni oʼrganishdi.
Taʼlim muassasasi joylashgan "Oybek" mahalla fuqarolar yigʼinida faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi Bagirjon Аbduraimovning mazkur maktabda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʼyicha shahar hokimiga qilgan murojaati shu yerning oʼzida "Fargʼona suv taʼminoti" MChJ shahar boʼlimi ishchi-xodimlari tomonidan ijobiy hal etildi. Shuningdek, maktab direktori Uchqunbek Xolmatovning issiqlik manbaidagi nosozlik boʼyicha bildirgan masalasi ham mutaxassislar tomonidan bartaraf etildi.
Shahar hokimi maktabning oʼquvchilari bilan ham suhbatlashdi. Poyabzal ishi yoʼnalishida tahsil olayotgan Xurshidbek Mirzaevning faoliyati barchani birdek qiziqtirdi. Hurshidbek asli rishtonlik, bolalikdan zaif eshituvchi hisoblanadi. Oʼquvchi oʼzi mustaqil poyabzal tikib, bugungi kunda mahalliy bozorlarda sotmoqda. Vosiljon Nazarov shunday oʼquvchilarni kasb-hunarli etib kamol topishlariga koʼmaklashayotgan taʼlim ustasi Tursunoy Shokirovaga oʼz minnatdorchiligini bildirdi.
Ertaga "Yormozor" mahalla fuqarolar yigʼinida joylashgan "Fargʼona" tantanalar majmuasida kasb-hunar maktabining oʼqituvchi va oʼquvchilari uchun bayram tadbiri oʼtkazilishi belgilandi.
Fargʼona shahar hokimligi Аxborot xizmati