Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“Neftchi” jamoasiga yangi bosh murabbiy va bosh direktor tayinlandi
2022-07-04 11:41:54 398
Tojikiston futboli flagmani – Dushanbening “Istiqlol” jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat koʻrsatib kelgan Vitaliy Levchenko “Neftchi” jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Levchenko bu lavozimda isteʼfoga chiqqan Ilhom Moʻminjonov oʻrnida ish boshlaydi.
Bugun Viloyat hokimi, viloyat futbol federatsiyasi rahbari Xayrullo Bozorov, Fargʻona shahar hokimi, “Neftchi” klubi prezidenti Vosiljon Nazarov ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvda “Neftchi” jamoasining yangi bosh murabbiyi jamoaga va muxlislarga tanishtirildi.
Viloyat hokimi “Neftchi” jamoasining birinchi davrada muxlislar kutgan natijani qayd etmaganiga eʼtibor qaratib, yangi bosh murabbiyga jamoaga yangicha ruh, shijoat olib kirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.
UYeFA Pro litsenziyasiga ega 50 yoshli Vitaliy Levchenko tojik futbolining tarbiyalanuvchisi boʻlsada, asosiy futbolchilik faoliyati Ukrainada (“Dinamo” K, SSKA, “Tavriya” jamoalari) hamda Rossiyada (“Volgar”, “Dinamo” St, “Spartak” (Kostroma) va “Ural” jamoalari) oʻtgan. Bir mavsum Xitoyning "Chanchun" klubi sharafini ham himoya qilgan. Tojikiston terma jamoasida 9 ta oʻyinda maydonga tushgan.
2005 yildan murabbiylik faoliyati bilan shugʻullanib keladi. Ukrainaning “Knyaja”, “Arsenal”, “Desna”, “Yednist” jamoalarida, Ukraina yoshlar terma jamoasida murabbiylik qilgan. Tojikiston terma jamoasi murabbiyi, yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan. Tojikistonning, “Barkchi”, “Xoʻjand” jamoalarida bosh murabbiy, Rossiyaning “Krilya Sovetov” jamoasida murabbiy boʻlgan. 2020 yildan Dushanbening “Istiqlol” jamoasini boshqarib keladi. 2021 yili OFK Chempionlar Ligasidagi debyut mavsumida guruh bahslarida birinchi oʻrinni egallab, jamoasini 1/8 finalga olib chiqqan.
Bugun marosimda shuningdek, Muhsinjon Mehmonov isteʼfoga chiqarilgan Zohidjon Gʻofurov oʻrniga “Neftchi” klubining yangi bosh direktori sifatida tanishtirildi. Saidabzal Abdullayev esa “Neftchi” jamoasining matbuot xizmati yangi rahbari boʻlib ish boshladi.
Maʼlumot oʻrnida, "Neftchi" futbol klubi 2022 yil Superliga uchrashuvlarida oʻz imkoniyatlaridan oqilona foydalana olmay, ketma-ket magʻlubiyatlarga uchraganligi va turnir jadvalida oxirgi oʻrinlardan biriga tushib qolganligi, rahbariyat va muxlislar ishonchini oqlay olmaganligi bois, jamoa bosh direktori Zohidjon Gʻofurov hamda bosh murabbiy Ilhom Moʻminjonov oʻz arizalariga binoan egallab turgan lavozimlaridan ozod etilib, isteʼfoga chiqarildi.