Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Chetdan kelgan hasharchilar tomonidan hududning obodonlashtirilishi oʻsha yerdagi masʼullarga berilgan salbiy bahodir
2022-05-19 10:11:23 405
Fargʻona shahrida hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joylardagi mazkur ishlarni jadallashtirish maqsadida Fargʻona shahar hokimi Vosiljon Nazarov tomonidan har bir mahallaga masʼullar biriktirilgan, shuningdek Ishchi guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlardan fuqarolar mamnun boʻlmoqdalar. Albatta, bu borada kelib tushayotgan murojaatlar hamda oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun mablagʻ hamda muddat talab etiladi. Asosiysi har bir amalga oshirilishi belgilangan ishlar uchun chora-tadbir tuzilib, qatʼiy nazoratga olingan. Bu esa kun sayin shahrimizning obod boʻlayotganida aks etmoqda.
Afsuski, ayrim hududlarda olib borilayotgan ishlarni qoʻllab-quvvatlamayotgan, islohotlarni amalga oshirishda faol boʻlmayotgan masʼullar hamda aholi vakillarining hali hanuz borliklari ish samaradorligini susaytirmoqda. Joylardagi oʻzgarishlar va masʼullarning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida shaxsan shahar hokimining oʻzi korxona va tashkilotlar, taʼlim va tibbiyot muassasalari hamda mahalla fuqarolar yigʻinlariga tashrif buyurmoqda.
Vosiljon Nazarovning "Sharof Rashidov" mahalla fuqarolar yigʻiniga tashrifi davomida ham har bir hudud koʻzdan kechirildi. Mazkur mahallada fuqarolar asosan koʻp qavatli uylarda istiqomat qilishadi. Mahalladagi obodonlashtirish ishlari afsuski koʻngildagidek emas.
Yangi ekilgan daraxt koʻchatlari parvarish etilmaganidan qurib ulgurgan, borlari esa oqlanmagan, butalmagan. Yerga amal kirganiga uch oy boʻlgan boʻlsada, tomorqalar boʻsh. Unumli foydalanilmagan. Har bir koʻp qavatli uylar atrofi betartib shoh-shabbalar va begona oʻtlar bilan "bezangan".
Hududdagi chiqindi yigʻish joylari ham tartibsiz, oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Yarmida qoldirilgan qurilishlar hamda boʻyalmagan devorlar ham koʻcha husnini buzmoqda.
Albatta, masʼullarning oʻz ishlariga havas va ishtiyoq bilan yondoshmaganliklari hamda shu hududlarda yashayotgan fuqarolarning eʼtiborsizligi, ajdodlarimizdan meros boʻlib qolgan qadriyatimiz - umumxalq hasharining yoʻqolib ketganligi "Sharof Rashidov" mahallasining bugungi holatga kelishiga sabab boʻlgan.
Shahar hokimi mahallada keng koʻlamli obodonlashtirish ishlarini olib borish uchun masʼullarga kerakli tavsiyalar hamda topshiriqlar berdi.
Oʻylaymizki, mahallaning obod boʻlishiga 40 ta koʻp qavatli uylarda yashayotgan 3 mingdan ortiq fuqarolar ham oʻz hissalarini qoʻshadilar. Chetdan kelgan hasharchilar tomonidan mahallaning obodonlashtirilishi esa masʼullarga berilgan salbiy baho boʻlib, bu esa ularning ham ishchanligini oshiradi, degan umiddamiz.