Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
FARG’ONA SHAHAR HOKIMI M.UBAYDULLAYEVNING AHOLIGA
2021-12-28 12:17:57 1173
Assalomu alaykum, Manzura Alimovna, Avazbek Rustamovich, hurmatli deputatlar, sessiya qatnashchilari!
Barchamizga ma'lumki, hurmatli prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar, barcha sohalar bo’yicha o’z vaqtida qabul qilinayotgan Farmon va qarorlar hududlarni barqaror rivojlanishiga hamda halqimizga munosib turmush sharoitini yaratilishiga mustahkam zamin yaratib bermoqda.
Bugungi kunda Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar dunyoning nufuzli tashkilotlari tomonidan munosib baholanayotganligi barchamizga cheksiz g’urur va kuch bag’ishlaydi, yangi marralar sari ruhlantiradi.
Bugungi murojaatim orqali Farg’ona shahrida ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik, investitsiyalar, eksport, sanoat ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, qurilish va bunyodkorlik ishlari, ta'lim, sog’liqni saqlash, qishloq xo’jaligi, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” bilan ishlash, kambag’allikni qisqartirish borasida olib borilgan ishlar to’g’risida to’xtalib o’tmoqchiman.
Birinchidan, hisob-kitoblarga ko’ra joriy yil yakunlari bo’yicha Farg’ona shahrida barcha makroiqtisodiy ko’rsatkichlar prognozi ortig’i bilan bajarilishi kutilmoqda.
Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6789.3 mlrd. so’mga yetib, o’tgan yilga nisbatan 101.5 foizga, xizmatlar hajmi 5797.1 mlrd. so’mni tashkil etib, 120.2 foizga, qurilish ishlari 1448.3 mlrd. so’mni yoki 126.1 foizga, chakana tovar aylanmasi 3644.9 mlrd. so’mga yetib, 106.8 foizga, qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 667.5 mlrd so’mni tashkil qilib, o’tgan yilga nisbatan 103,3 foizga o’sishi ta'minlanadi.
Ikkinchidan, shaharda sanoat, xizmat ko’rsatish va qishloq hujaligi yo’nalishida qator investitsiya loyihalari samarali amalga oshirilmoqda.
Xususan, davlat rahbarining joriy yil 5-6 fevral kunlari Farg’ona viloyatiga tashriflari davomida kengaytirilgan tarzda o’tkazilgan yig’ilish bayoni bilan tasdiqlangan Dasturga muvofiq yil davomida qiymati 423,2 mlrd so’m bo’lgan 68 ta investitsiya loyihalarini ishga tushirish va bu orqali 2038 ta yangi ish o’rinlari yaratish rejalashtirilgan bo’lib, bugungi kunda
61 ta loyihalarni amalga oshirilishi natijasida 376,7 mlrd.so’m o’zlashtirildi va 1584 ta yangi ish o’rinlari yaratildi. Qolgan 7 ta loyihalarni ham yil yakuniga qadar ishga tushirish bo’yicha barcha chora-tadbirlar belgilab olingan.
Shuningdek, shaharda tashkil etilgan 4 ta kichik sanoat zonalarida 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 1,2 trln.so’mga teng bo’lgan 56 ta loyiha amalga oshirilishi hisobiga 3,4 ming ta yangi ish o’rni yaratilishi belgilab olingan bo’lib, joriy yilning 11 oyi davomida qiymati 442,5 mlrd. so’mlik 27 ta loyihalar ishga tushirildi va 1670 ta yangi ish o’rni yaratildi.
Bundan tashqari, yil boshida o’tkazilgan xatlov natijasida shahar hududida 144 ta bino va inshoatlar bo’sh turganligi aniqlanib, ta'sirchan soliq mexanizmi bilan qamrab olingan. Natijada ushbu bino va inshoatlar negizida jami qiymati
350,0 mlrd so’m bo’lgan 144 ta loyihalar amalga oshirilishi va 2 637 ta yangi ish o’rinlari yaratilishi rejalashtirilib, bugungi kunga qadar 191,7 mlrd so’mlik 103 ta loyihalar ishga tushirildi. Loyihalar doirasida 1563 ta yangi ish o’rinlari yaratilishi ta'minlandi. Qolgan 41 ta loyihalarni 2022 yilning 2 chorak yakuniga qadar ishga tushirish bo’yicha barcha zaruriy choralar ko’rilmoqda.
To’rtinchidan, bu yil davomida 24 ta loyihalar orqali
40,0 mln dollarlik xorijiy investitsiya mablag’lari o’zlashtirilishi belgilangan bo’lsa, joriy yilning 11 oyida
21 ta korxonalar tomonidan 43,1 mln.dollarlik investitsiya jalb qilinib, yillik reja 107,8 foizga bajarilishiga erishildi.
Misol uchun, “Central Asia motors" MChJ tomonidan elektromobil ishlab chikarish loyixasi doirasida 5,0 mln. AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya mablag’lari o’zlashtirildi.
Beshinchidan, shaharda biznes muhitini yanada yaxshilash, kichik biznes va tadbirkorlikni qo’llab quvvatlash borasida ham qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 4 ta sektor rahbarlari, xokimning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo’yicha birinchi o’rinbosari haftaning har dushanba, seshanba va chorshanba kunlari asosan tadbirkorlik faoliyati va ularning muammolarini joyida hal qilish masalalari bilan shug’ullanishmoqda.
Shaharda tadbirkorlarga qulayliklar yaratish va ular oldida turgan muammolarni bir joyning o’zida hal etishni ta'minlash maqsadida “Tadbirkorlar uyi” tashkil etilgan bo’lib, bu joyda barcha sektor rahbarlari tomonidan grafik asosida tadbirkorlar qabuli o’tkazilmoqda.
Amaliy ishlar natijasida joriy yilning o’tgan vaqti mobaynida tadbirkorlar tomonidan qo’yilgan 680 ta turli yo’nalishlardagi masalalardan 448 tasi (66 %) ijobiy hal etib berildi.
Muhtaram yurtboshimiz ta'kidlaganidek, aholi o’rtasida kambag’allikni qisqartirishning eng asosiy yo’li bu – aholini tadbirkorlikka o’rgatish va tadbirkorlar sonini ko’paytirish hisoblanadi. Bu borada yil boshida oldimizga qo’ygan rejamizga ko’ra, 1150 ta yangi kichik biznes sub'ektlari tashkil etishni maqsad qilib olgan edik. Joriy yilning 11 oyi davomida 1164 ta kichik tadbirkorlik sub'ektlari tashkil etilib, jami kichik biznes sub'ektlari soni
7 100 tani tashkil etdi.
Joriy yilning o’tgan davrida tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash, aholi o’rtasida ishbilarmonlik muhitini yaratish maqsadida 2567 ta sub'ektlarga jami 67,4 mlrd.so’m imtiyozli kredit mablag’lari ajratildi.
Jumladan,
- “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 2120 ta holatda 56,5 mlrd.so’m;
- Fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalarini qo’llab-quvvatlash jamg’armasi mablag’lari hisobidan 30 ta holatda 641,1 mln.so’m;
- Hunarmandchilikni rivojlantirishga – 27 ta holatda 827,1 mln.so’m;
- Xotin-qizlarni va oilani qo’llab-quvvatlash jamoat fondi mablag’lari hisobidan – 284 ta holatda 6,2 mlrd.so’m;
- “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi asosida – 104 ta holatda
3,3 mlrd.so’m kredit mablag’lari ajratildi.
Oltinchidan, 2021 yil uchun byudjet daromadlar rejasi 417,1 mlrd so’m belgilangan bo’lib, amalda 11 oy davomidagi tushim 440,6 mlrd so’mni tashkil etdi yoki yillik rejaga nisbatan 23,5 mlrd so’m ortiq mablag’ jalb qilinishiga erishildi.
Bundan tashqari, mahalliy byudjetga joriy yil uchun 119,6 mlrd.so’m reja belgilanib, amalda 11 oyda 143,9 mlrd.so’m mablag’ jalb qilindi. Belgilangan reja 24,3 mlrd so’mga ortig’i bilan bajarilib, o’sish 120,3 foizni tashkil etdi.
Farg’ona shahar mahalliy byudjetining 2021 yil I, II va II-choraklar davomida daromadlar rejasini ortiq bajarilgan qismi birinchi navbatda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosini ta'minlashga, hukumat qaror va bayonlarida ko’zda tutilgan dasturlar hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg’armalarini to’ldirish uchun yo’naltirildi.
Ettinchidan, hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan 3 ta daftar doirasida 2021 yil davomida aholini qiynab kelayotgan ko’plab muammoli masalalar hal etildi. Jumladan,
“Temir daftar”da 2021 yil 1 yanvar holatiga qolgan 2071 ta oilalarni moddiy tomonidan qo’llab-quvvatlash, oilalardagi ishsizlarni bandligini ta'minlash hamda tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida “Saxovat va ko’mak” jamg’armasi hisobidan shu kunga qadar 4,2 mlrd so’m mablag’lar sarflandi.
Xususan, ushbu oilalarga qo’shimcha daromad manbai yaratib berish maqsadida 512 ta pishiriq pechlari, 315 ta tikuv mashinalari, 20 ta payvandlash apparati, 10 ta o’simliklarni dorilash uskunasi, 10 ta karcher va shunga o’xshash mehnat qurollari jamg’arma hisobidan olib berildi.
“Yoshlar daftari” doirasida, o’tkazilgan xatlov va o’rganishlar bo’yicha 4 833 nafar ishsiz yoshlarni daftarga kiritilib, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2021 yil 1 dekabr holatiga 4 525 nafar (93,6 foiz) yoshlar daftardan chiqarildi. Bugungi kunda 308 nafar yoshlar (6,4 foiz) “Yoshlar daftari”da qolmoqda.
“Yoshlar daftari”dan chiqrilganlarni sohalar kesimida tahlil qiladigan bo’lsak, bandligini ta'minlash orqali 689 nafar, yer ajratish orqali 154 nafar, bir martalik moddiy yordam, psixologik yordam, iste'dodlarni qo’llab-quvvatlash orqali 1 777 nafar, kredit ajratish orqali 248 nafar, qonuniy migratsiya orqali 131 nafar, harbiy xizmatni 50 % ini qoplab berish va mehnat qurollari ajratish orqali
1 333 nafar, usta hunarmandlarga “Ustoz shogirt” tamoyili asosida biriktirish orqali 30 nafar va 163 nafarining boshqa masalalari hal etilib amaliy yordam ko’rsatildi.
Shuningdek, 178 nafar yoshlarni kontarkt to’lovlari uchun jami 695,6 mln.so’m mablag’lar Oliy ta'lim muassasalariga o’tkazib berildi.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun “Yoshlar daftari” jamg’armasi hisobidan jami 4,5 mlrd. so’m miqdorda mablag’lar xarajat qilindi.
“Ayollar daftari” doirasida, o’tkazilgan xatlov va o’rganishlar natijasida ikki bosqichda 7462 nafar ishsiz, ehtiyojmand va moddiy ko’makka muxtoj ayollar ruyxatga kiritildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2021 yil 1 dekabr holatiga 7462 nafar (100,0 foiz) ayollar daftardan chiqarilishi ta'minlandi.
“Ayollar daftari”dan chiqarilganlarni sohalar kesimida tahlil qiladigan bo’lsak, bandligini ta'minlash orqali 546 nafar, yer ajratish orqali 65 nafar, bir martalik moddiy yordam, psixologik yordam, iste'dodlarni qo’llab-quvvatlash orqali 1987 nafar, kredit ajratish orqali 688 nafar, subsidiya asosida mehnat qurollari ajratish orqali 1032 nafar va 3144 nafarining boshqa masalalari hal etilib amaliy yordam ko’rsatildi.
Ushbu maqsadlar uchun “Ayollar daftari” jamg’armasi hisobidan 11,1 mlrd. so’m miqdorda mablag’lar moliyalashtirildi.
Xurmatli deputatlar, sessiya ishtirokchilari.
Biz barcha sektor, korxona va tashkilot rahbarlari Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan oqilona islohotlarga daxldorlik hissi bilan har bir masalaga jiddiy yondashib, “Inson qadri uchun” degan tamoyilga amal qilgan holda bor bilim va salohiyatimiz, kuch-g’ayratimiz, tashabbus va shijoatimizni safarbar etib, ijobiy natijalarga erishamiz.
Barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir tanu bir jon bo’lib, ko’zlagan maqsadimizga yetib, shahrimizni nafaqat viloyatimizda, balki respublikamizda ham yuqori marralarni zabt etishiga ishonamiz va kafolat beramiz.
E'tiboringiz uchun rahmat!