Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
IQTISODIY SALOHIYATI YUKSAK SHAHAR
2021-09-06 12:32:07 940
Farg’ona shahri mamlakatimizning yirik sanoat markazlaridan biri hisoblanadi. 296 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan shaharda “Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ, “Farg’onaazot” , “Issiqlik energo markazi”, “Farg’onadonmahsulotlari”, “Avtooyna” AJ kabi 10 dan ortiq yirik sanoat korxonalari, 164 ta xorijiy investitsiyalar va sarmoyalar ishtirokidagi korxonalar faoliyat yuritmoqda. Birgina joriy yilning 6 oyida shahar sanoat korxonalari tomonidan 2876,6 mlrd. so’mlik mahsulotlar, 485,9 mlrd. so’mlik iste'mol tovarlari ishlab chiqarildi.
Shaharda 4 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan bo’lib, mazkur kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 944,7 mlrd. so’mga teng 62 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmokda. Loyihalarni to’liq ishga tushirilishi natijasida 3495 ta yangi ish o’rni yaratiladi. Birgina birinchi chorakning o’zida umumiy qiymati 113,5 mlrd. so’mga teng 5 ta loyiha to’liq ishga tushirildi, 312 ta yangi ish o’rni yaratildi. Ikkinchi chorakda esa rejadagi 2 ta o’rniga umumiy qiymati 209,2 mlrd. so’mga teng 23 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Bu bilan 679 ta yangi ish o’rni yaratildi.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo’yicha korxona va tashkilotlarning asosiy qismi sanoat, savdo, qurilish, tashish va saqlash, yashash va ovqatlanish bo’yicha xizmatlar, sog’liqni saqlash sohalariga to’g’ri keladi.
Bundan tashqari, shaharda 6522 ta kichik tadbirkorlik sub'ektlari va 608 ta oilaviy korxonalar faoliyat ko’rsatmoqda. O’z biznesini yuritish istagida bo’lganlar safi kengayib borayotganini shunda bilish mumkinki, yil boshidan buyon 590 ta kichik tadbirkorlik sub'ektlari yangitdan tashkil etildi.
Keyingi yillarda Farg’ona shahri ulkan qurilish, obodonchilik maydoniga aylandi. Qo’li gul bunyodkorlar qadimiy shaharning avvalgi me'morchiligiga ziyon yetkazmay, zamonaviy va milliy arxitektura talablariga monand bunyodkorlik va rekonstruktsiya ishlarini olib bormoqdalar. Viloyat markazida yangi turar joylar, ijtimoiy ob'ektlarni o’z ichiga olgan Mustaqillik shaharchasi bunyod etilmoqda. 5, 9, 12, 16 qavatli turar joylar, sport komplekslari, tibbiy, savdo, maishiy xizmat ko’rsatish inshootlari, mahalla guzarlari qad rostlab, shahar ko’rkiga ko’rk qo’shilyapti. Shaharda 931 ta qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik sub'ektlari mavjud bo’lib, yarim yillikda 688,5 mlrd. so’mlik qurilish ishlari amalga oshiyarildi. Bunyodkorlik hajmining barchasi kichik tadbirkorlik sub'ektlari hissasiga to’g’ri kelmoqda.
Yurtboshimizning farg’onaliklarga hurmat-e'tibori natijasi o’laroq, “Shodiyona” mahalla fuqarolar yig’inida keng ko’lamdagi obodonchilik ishlari olib borilmoqda. Yaqinda yig’inning ma'nan eskirgan binosi o’rniga zamonaviy mahalla binosi qurib bitkazildi. Hududni obodonlashtirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida ishlab chiqilgan “yo’l xaritasi” asosida “o’sish nuqtasi”ning uch bosqichdagi tizimi belgilangan bo’lib, Sohibqiron Temur ko’chasida joylashgan xonadonlar bank krediti orqali ta'mirlanmoqda, milliy me'morchilik asosida qayta qurish hisobiga savdo, maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari barpo etilyapti. Reja bo’yicha Tibbiyot shaharchasi quriladi. Kichik sanoat zonasida tadbirkorlik faoliyatining 19 ta loyihasi joriy etiladi.
Farg’ona shahrida ham mirishkor dehqonlar, tomorqa egalari istiqomat qiladi. Hududda faoliyat ko’rsatayotgan 93 ta fermer xo’jaliklari asosan sabzavot, poliz, meva mahsulotlari yetishtiradi. Shuningdek, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va baliqchilik yo’nalishlarida samarali mehnat qilib kelayotgan fermer xo’jaliklari mavjud. Joriy yilning yarim yilligida fermer xo’jaliklari tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo’jaligi mahsulotlari hajmi 17,0 mlrd. so’mni tashkil etdi. E'tiborlisi, shahar mehnatkashlari yetishtirgan sara mahsulotlar ichki bozorni to’ldirish bilan birga, xorijiy davlatlarga eskport qilinmoqda.
Eksport haqida gap ketganda, Farg’ona xorijiy mamlakatlarga ko’p miqdorda mahsulotlar chiqaruvchi, chetdan keladigan valyuta hisobiga iqtisodiyoti rivojlanib borayotgan shahar ekanligini aytib o’tish joiz. Eksportga mahsulot chiqaradigan korxonalarning tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo’lishi qo’llab-quvvatlanayotgani natijasida tashqi savdo sohasida ijobiy o’zgarishlar yuzaga chiqmoqda.
Shahar bo’yicha 2021 yil yanvar-iyun oylari davomida 85 ta korxona tomonidan 21 483,6 ming AQSh dollari qiymatidagi mahsulotlar (tovar, xizmatlar) xorijiy davlatlarga eskport qilindi. Bu ko’rsatkich o’tgan yilning mos davriga nisbatan 124,7 foizni tashkil etadi. Eksport hajmining katta qismi, ya'ni 6352,8 ming AQSh dollari sanoat mahsulotlaridir. Xizmatlar sohasi, oziq-ovqat mahsulotlari hajmi ham yuqori bo’ldi. Shuningdek, 6 oyda 45 ta korxona tomonidan 11199,8 ming AQSh dollari qiymatidagi hududiy eksport amalga oshirildi. Bu ko’rsatkich o’tgan yilning mos davriga nisbatan 169,9 foizni tashkil etadi.
Farg’ona shahri iqtisodiy salohiyati yuksak shahar ekanligini har sohada amalda isbotlab kelmoqda.