Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Fargʻona shahrida yana bir “Ziyo maskani” foydalanishga topshirildi
2023-05-13 11:28:46 536
Maʼlumki, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, yoshlarning bugungi islohotlar mazmun-mohiyatini toʻla anglab yetishlari, ularga yaratilib berilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanishlari, eng asosiysi yoshlarning oʻz hayotidan rozi ekanliklarini taʼminlash mahallalardagi yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Fargʻona shahrida ham yetakchilar tomonidan mahallalarda yoshlar muammolarini oʻrganish, ularning sportga, kitobga boʻlgan muhabbatini oshirish, tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish maqsadida amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shahrimizdagi “Nodirabegim” mahalla fuqarolar yigʻinida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchisi Murodjon Mamaroʻziyevning mahalla hududida yoshlar uchun ziyo maskani boʻlgan “Book cafe” tashkil etish haqidagi tashabbusi shahar hokimligi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Bugun mahalliy tadbirkor Avazbek Saidjonov tomonidan qurib bitkazilgan ziyo maskanining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Fargʻona shahar hokimi Vosiljon Nazarov va sektor rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari, bir guruh kitobsevar yoshlar ishtirok etdilar. “Nuroniy” jamgʻarmasi Fargʻona shahar boʻlimi raisi Akramjon Yulbarsov tashabbuskor yoshlar va tadbirkorlarning ezgu tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi.
Endilikda yoshlar mazkur ziyo maskanida oʻzbek va jahon adabiyotining durdona asarlarini mutolaa qilishlari va boʻsh vaqtlarini maroqli oʻtkazishlari mumkin boʻladi.
Ochilish marosimi davomida estrada xonandalari ishtirokida gala konsert namoyish etildi. Yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan interfaol tanlovlar va animatsion tomoshalar ishtirokchilarga olam-olam quvonch bagʻishladi.