Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
UY-JOY SOTIB OLISH UCHUN FUQAROLARGA SUBSIDIYA OLISH UCHUN QANDAY MA'LUMOTLARNI TAQDIM ETISH KERAK ?
2021-09-30 10:09:40 805
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruktsiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to’lash tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 182-sonli hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi “O’zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida” (O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” 2021 yil 11 martdagi PF-6186-son farmoni) 537-sonli qarorlariga asosan;
Subsidiya o’zi nima?
Subsidiyalar — daromadi yuqori bo’lmagan shaxslarga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishlari uchun boshlang’ich badal yoki kredit foiz to’lovlarining bir qismini qoplab berish maqsadida davlat byudjetidan qaytarib berilmaydigan mablag’lar.
Boshlang’ich badal — bu birlamchi bozordagi (ya'ni, yangi qurilgan) uy-joylarni sotib olish uchun ajratiladigan pullar. Shahar va qishloq joylarda ularning qiymati har xil bo’ladi.
Subsidiya, shuningdek ipoteka krediti bo’yicha foizlarni qoplash uchun ham berilishi mumkin.
Bunda qishloq joylarda —dastlabki badalning 10 % qismini to’lash hamda 5 yil davomida ipoteka krediti bo’yicha foiz to’lovlari bilan bog’liq xarajatlarni qoplash uchun — 10 foizlik punktdan oshgan qismiga, Shaharlarda (shu jumladan, Toshkent shahrida ham) xam - dastlabki badalning 10 % qismini to’lash bilan bog’liq xarajatlarni qoplash hamda ipoteka krediti bo’yicha foiz to’lovlari bilan bog’liq xarajatlarni qoplash uchun - 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to’lanadi;
Toshkent shahrida birinchi besh yil davomida kredit bo’yicha foizlarni qoplash uchun — 12 foizlik punktdan oshgan qismiga;
Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to’lanadi.
Har bir hududda quriladigan uy-joylar sonidan kelib chiqib, yil davomida ajratiladigan subsidiyalar miqdori haqida Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikka qarshi kurashish vazirligi, Qurilish vazirligi hamda tegishli hokimliklari tomonidan ommaviy axborot vositalarida ma'lumot beriladi.
Subsidiya olish uchun arizani Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali elektron tarzda berish mumkin.
Subsidiyalar kimga beriladi?
Eslatib o’tamiz, mazkur mablag’lar faqatgina uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo’lgan oilalar, og’ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa O’zbekiston fuqarolariga ajratiladi.
Subsidiya olish uchun fuqaro 18 yoshga to’lgan bo’lishi kerak. Agar fuqaro mehnat migranti bo’lganda, uning nomidan oila a'zolari ham ariza berishi mumkin.
Subsidiyalar faqatgina ariza beruvchining ro’yxatdan o’tgan hududi bo’yicha beriladi.
Subsidiya va arzon uylar — bir xil tushunchami?
E'tibor bering! Subsidiyalar uylarni BOZOR NARXIDA xarid qilishga beriladi. Ya'ni, subsidiya bilan arzon uy-joylar ikkita bir biriga umuman aloqasi yo’q bo’lgan toifadagi tushunchalar.
Shuningdek, subsidiyalarga tegishli Farmon chiqishi bilan arzon uy-joylar dasturi yopilgani yo’q! Hokimliklar fuqarolarni qabul qilmasliklari bo’yicha qonunchilikka o’zgartirish kiritilmagan.
Arzon uy-joy uchun NAVBATlaringiz DXMlar orqali o’zgartirilmaydi. Ushbu masalada mahalliy hokimiyatlarga murojaat etish lozim.
Subsidiya olishda ballar... bu nima?
Subsidiya bo’yicha ariza topshirgan har bir talabgorga pul mablag’i berilmaydi. Buning uchun bir qator talab va holatlarga javob berish lozim.
Subsidiya berilishi uchun avvalambor mas'ul organlar vakillaridan shakllantirilgan maxsus komissiya ariza beruvchilarga mezonlar bo’yicha ball beradi.
Mas'ul organlar — ichki ishlar bo’limi, moliya bo’limi, davlat soliq inspektsiyasi, bandlikka ko’maklashish markazi, kadastr korxonasi, mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash bo’limi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, tuman (shahar) hokimliklari, ishtirok etuvchi tijorat banklari. Bularning hammasi ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni haqqoniy ekanligini tekshirish uchun kerak.
Ijtimoiy mezonlar uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni aniqlashga xizmat qiladi. Ball to’plash uchun mezonlarga talabgor va (yoki) uning oilasining daromadi (shahar va qishloq joylari uchun alohida ko’rsatkichlar belgilangan), turar joy maqomi (ijara yoki shaxsiy mulk), ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lganlar (mehnat migrantlari, yetim va ota-onasining qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalar, yolg’iz ayollar va hokazo), shuningdek, oilada nogironligi mavjud bo’lgan shaxslar inobatga olingan.
Subsidiya tartib bo’yicha yuqori ball to’plaganlarga beriladi.
Subsidiya olish uchun qanday ma'lumotlarni taqdim etish kerak?
– pasport;
– oila a'zolarining pasporti va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (to’liq oila va voyaga yetgan farzandi(lari) bo’lganda) va farzandlarining tug’ilganlik haqidagi guvohnomalari (agar voyaga yetmagan bo’lsa) nusxasi;
– nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb topilganligi to’g’risidagi sud qarori (nikoh qayd etilgan hollarda) va oilaviy holati to’g’risida FHDYo organlari arxividan ma'lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan hollarda);
– doimiy propiska joyidan kadastr raqami va turiga tegishli ma'lumotlar;
– doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartira kartochkasining (17-shakl bo’yicha) nusxasi;
– ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi hamda ushlab qolingan daromad soliqlari haqida ma'lumotnoma (qo’shimcha daromadlar bo’lsa soliq deklaratsiyasi).
Ariza yakunlari bo’yicha talabgorga ijobiy javob olingan taqdirda fuqaro o’zining tanloviga ko’ra subsidiyani uy-joy sotib olish uchun boshlang’ich badal yoki kredit foiz to’lovlarining bir qismini qoplashga qaratilgan mablag’ shaklida olishi mumkin bo’ladi.
E'TIBOR BERING!
Subsidiya olish jarayonida Davlat xizmatlari markazlari Sizdan faqatgina ariza olib qolib tayyor natijani taqdim etishga vakolatli.
Qolgan masalalar, ya'ni kimga, qaysi hamda qancha miqdorda subsidiyalar ajratishni tashkil etiladigan KOMISSIYa tomonidan hal qilinadi. Bu ishga Davlat xizmatlari markazi aralashmaydi.
Subsidiyalar bir oilaga (oila a'zolarining bittasiga) FAQAT 1 marta beriladi.