Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
PREZIDENTIMIZNING TASHRIFIDAN SO’NG “SHODIYONA” MAXALLASIDAGI BUNYODKORLIK ISHLARI
2021-08-05 17:10:36 1181
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 4-5 fevral kunlari Farg’ona viloyatiga tashriflaridan so’ng Farg’ona shahar "Shodiyona" mahalla fuqarolar yig’ini hududida misli ko’rilmagan o’zgarishlar yuz berdi. Mahallaning qiyofasi tubdan o’zgarib, olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida u yerdagi aholining kayfiyati ko’tarildi, eng asosiysi ertangi kunga bo’lgan ishonch ortdi.
Joriy yilning 4 avgust kuni "Shodiyona" mahallasi viloyatning turli hududlaridan kelgan nuroniy otaxonlar, duogo’y onaxonlar, mehnat faxriylari hamda yurt kelajaklari bo’lmish yoshlar ishtirokidagi “Uch avlod uchrashuvi” tadbiriga mezbonlik qildi.
Tadbirda Farg’ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov qatnashdi hamda so’zga chiqib, barchani yaqinlashib kelayotgan eng ulug’, eng aziz bayram - mustaqillikning 30 yillik shodiyonasi bilan samimiy muborakbod etdi. Shundan so’ng, bir guruh faollar "Shodiyona" mahallasida amalga oshirilgan ijobiy o’zgarishlar borasida so’z yuritib, hududga Farg’ona shahrining "Marvaridi” deya ta'rif berdilar.
Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar uchun "Shodiyona" mahallasi bo’ylab, maxsus ekskursiya tashkil qilindi. Qisqa vaqt ichida ushbu hududda amalga oshirilgan milliy ruh va zamonaviy qiyofadagi bunyodkorlik ishlari barchani birdek hayratga soldi.
Shu o’rinda “Shodiyona” mahallasida amalga oshirilgan amaliy ishlarga biroz to’xtalib o’tsak:
Elektr ta'minotini yaxshilash bo’yicha;
“Shodiyona” mahallasi hududida joylashgan aholi punktlarining elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida 9,6 km elektr tarmoqlari rekonstruktsiya qilindi, shuningdek, 388 ta yangi beton tayanch ustunlari hamda 4 ta transformator punktlari o’rnatildi.
Shuningdek, Sohibqiron Temur ko’chasiga 1,9 km yer osti tarmog’i yotqizilib, 0,4 kVli tizimga 43 ta xonadon ulandi.
Tabiiy gaz ta'minoti bo’yicha;
“Shodiyona” mahallasidagi tabiiy gaz tarmoqlarining 2,4 km qismi hamda 12 ta gaz taqsimlash punktlarida mukammal ta'mirlash ishlari olib borildi, shuningdek, 250 metr yangi gaz tarmog’i tortildi.
Ichimlik va oqava suv ta'minotini yaxshilash bo’yicha;
Mahalla hududiga 14,3 km toza ichimlik suvi hamda 5,3 km oqova suvi tarmog’ini tortish, shu bilan birga ikkita tik ichimlik suvi qudug’i nasoslarini rekonstruktsiya qilish, shuningdek, yangi quduq qazish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 264 ta aholi xonadoniga toza ichimlik suvi tarmog’i tortib berildi.
Zamonaviy optik tolali aloqa tizimini joriy etish bo’yicha;
“Shodiyona” mahallasida istiqomat qiluvchi aholi zamonaviy axborot texnologiyalari sohasidagi imkoniyatlardan to’liq foydalanishini tashkil etish maqsadida jami 4,6 km optik tolali aloqa tarmoqlari tortish hamda eskirgan 12 ta simyog’ochlarni yangi beton tayanch ustunlariga almashtirish, shuningdek, 36 ta spliter qurilmasi o’rnatish ishlari bajarilib, GPON texnologiyasi asosida tezkor internet tarmog’i bilan ta'minlandi.
Ichki yo’llarni ta'mirlash bo’yicha;
Mahalla hududidagi 17 ta ko’chalarning jami 15,6 km ichki yo’llari mukammal ta'mirlandi. Bundan tashqari 2,8 km irrigatsiya tizimlari hamda 3,1 km piyodalar yo’lagi rekonstruktsiya qilindi.
Tungi yoritish tizimlarini ta'mirlash bo’yicha;
Mahalla hududiga 250 ta tungi yoritish chiroqlari o’rnatildi hamda 3,8 km elektr tarmoqlari tortildi. Bunga qo’shimcha ravishda Sohibqiron Temur ko’chasiga 24 ta beton tayanch ustunlari o’rnatilib, zamonaviy 12 ta illyuminatsion yoritgichlar bilan ta'minlandi.
“Shodiyona” mahalla fuqarolar yig’inining Bosh rejasi bo’yicha;
Belgilangan tartibda bir guruh malakali mutaxassislar tomonidan “Shodiyona” mahallasining Bosh rejasi ishlab chiqilib, bir qavatli mahalla guzari hamda ikki qavatli mahalla binosi mahalliy byudjet mablag’lari xisobidan qurib bitkazildi.
Hududda ish bilan band bo’lmagan yoshlar va hunarmandlar uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida Sohibqiron Temur ko’chasida joylashgan 245-sonli ko’p qavatli turar joy binosining oldi qismida tadbirkorlar tomonidan ikkita bir qavatli hamda bitta ikki qavatli “Yoshlar mehnat guzari” bino va inshootlari qurib bitkazildi.
Sohibqiron Temur ko’chasida joylashgan ma'nan eskirgan maishiy xizmat ko’rsatish hamda non ishlab chiqarish tsexlari buzilib, o’rniga zamonaviy loyihalar asosida ikki qavatli dorixona va oziq-ovqat shoxobchalari qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.
Ko’p qavatli turar joylar bo’yicha;
“Shodiyona” mahallasida joylashgan 16 ta ko’p qavatli uylar mukammal ta'mirlandi hamda 5 ta bolalar maydonchalari o’rnatildi.
Sohibqiron Temur ko’chasida joylashgan ko’p qavatli turar joylar hududida “Alleya” maydoni tashkil etilib, manzarali daraxt va gullar ekildi. Zamonaviy 60 ta tungi yoritish tayanchlari o’rnatildi, 0,8 km yo’laklar rekonsturktsiya qilindi, 34 ta o’rindiq va dam olish maskanlari tashkil etildi. Bu bilan ko’p qavatli turar joylarda yashovchi aholining bo’sh vaqtlarini maroqli o’tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Shu jumladan, mahallada joylashgan 28 ta ko’p qavatli turar joylar “Musaffo hayot” mas'uliyati cheklangan jamiyati boshqaruv kompaniyasiga biriktirilib, yangi bino bilan ta'minlandi.
Registon ko’chasida joylashgan 4 ta ko’p qavatli turar joylar hududidi bo’yicha bosh reja ishlab chiqildi. Ayni vaqtda mazkur ko’p qavatli turar joylarning ta'mirlash ishlari yakunlandi. Shuningdek, 2 ta bolalar maydonchalari, avtoturargoh va gul maydonlari tashkil etilib, 600 metr lotoklar o’rnatildi.
Mazkur obodonchilik ishlarini amalga oshirish jarayonida, hududda yashovchi aholining turmush tarzini yanada yaxshilash hamda bandligini ta'minlash maqsadida ko’p qavatli turar joylarning birinchi qavatida joylashgan jami 24 ta xizmat ko’rsatish yo’nalishidagi ob'ektlar qurib bitkazildi.
Yuqorida qayd etilgan barcha sa'y-harakatlar - Yurtboshimiz tomonidan amalga oshirilayotgan oqilona islohotlar hamda xalq farovonligini ta'minlashga qaratilgan ezgu maqsadlardan iboratdir.
Farg’ona shahar hokimligi Axborot xizmati