Tadbirkorlikni litsenziyalash va davlat tomonidan tartibga solish masalalari bo‘yicha axborotlar taqdim etish
Xizmat haqida:
Tadbirkorlikni litsenziyalash va davlat tomonidan tartibga solish masalalari bo‘yicha axborotlar
Xizmatning sohaga tegishliligi:
Litsenziyalash va ruxsat beruvchi hujjatlar
Xizmatdan foydalanuvchining toifasi:
Yuridik shaxs
Tashkilot:
Farg'ona viloyati hokimligi
Bog`lanish:
Farg`ona viloyati hokimligi (0-373) 244-07-40
Asosiy tushunchalar
Litsenziya — litsenziyalovchi organ tomonidan yuridik yoki jismoniy shaxsga berilgan, litsenziya talablari va shartlariga so‘zsiz rioya etilgani holda faoliyatning litsenziyalanayotgan turini amalga oshirish uchun ruxsatnoma;
Faoliyatning litsenziyalanayotgan turi — O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilishi uchun litsenziya olish talab qilinadigan faoliyat turi;
Litsenziyalash — litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani topshirish va ko‘rib chiqish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish jarayoni bilan bog‘liq tadbirlar kompleksi;
Litsenziya talablari va shartlari — faoliyatning litsenziyalanayotgan turini amalga oshirayotganda litsenziat tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan, qonun hujjatlarida belgilangan talablar va shartlarning majmui;
Litsenziyalovchi organlar — qonun hujjatlariga muvofiq litsenziyalashni amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organlar;
Litsenziya da’vogari — litsenziyalovchi organga faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
Litsenziat — faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish litsenziyasi bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
Litsenziya shartnomasi — faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziatning litsenziya olishi va undan foydalanishi borasidagi litsenziyalovchi organ bilan litsenziya da’vogari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solib turadigan va ular o‘rtasida tuziladigan shartnoma;
Litsenziyalar reestri — berilgan, to‘xtatib turilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan litsenziyalar, shuningdek amal qilishi tugatilgan litsenziyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan Litsenziyalovchi organlarning ma’lumotlar bazalari majmui.
Litsenziyalash sohasini davlat tomonidan tartibga solish
Litsenziyalash sohasini davlat tomonidan tartibga solishni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda litsenziyalovchi organlar amalga oshiradi.
Litsenziyalovchi organlarning vakolatlari
Litsenziyalovchi organlarning vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
• faoliyatning ayrim turlarini qonun hujjatlariga muvofiq litsenziyalash;
• qonunda nazarda tutilgan hollarda faoliyatning tegishli turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash;
• litsenziya talablari va shartlariga litsenziyatlar rioya etishini nazorat qilish;
• litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish;
• litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatib turish, qayta tiklash;
• litsenziyalarning amal qilishini tugatish;
• litsenziyalarni bekor qilish;
• litsenziyalar reestrini yuritish.
Litsenziyalovchi organlar shu organlar litsenziyalaydigan faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tuzishga yoki ular faoliyatida muassislar (qatnashchilar) sifatida ishtirok etishga haqli emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini aniqlash
Faoliyatning litsenziyalanadigan turlari jumlasiga amalga oshirilishi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda tartibga solib turilishi litsenziyalashdan tashqari usullar bilan amalga oshirilishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari kiradi.
Amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlari qonunlar bilan belgilanadi.
Davlat unitar korxonalari va muassasalari tomonidan faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tashkil etilgan davlat unitar korxonalari va muassasalari, basharti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarida faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish nazarda tutilgan bo‘lsa, faoliyatning mazkur turlarini tegishli litsenziyani olmasdan amalga oshirishga haqlidir. Mazkur qoida ko‘rsatilgan korxonalar va muassasalarni litsenziya talablari va shartlarini, shuningdek faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirish bilan bog‘liq, qonun hujjatlariga muvofiq qo‘yiladigan boshqa talablarni bajarishdan ozod etmaydi.
Litsenziyalarning turlari:
• Litsenziyalar namunaviy (oddiy) va yakka tartibdagi bo‘lishi mumkin.
• Namunaviy (oddiy) litsenziyalar jumlasiga cheklanmagan doiradagi yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan litsenziyalar kiradi, agar ushbu shaxslar tegishli faoliyat turini amalga oshirishga nisbatan qo‘yiladigan yagona shartlar va talablarga javob bersalar.
• Yakka tartibdagi litsenziyalar jumlasiga yuridik va jismoniy shaxslarga alohida talablar va shartlar asosida beriladigan, litsenziatlarga faoliyatning mazkur turini amalga oshirishda mutlaq huquqlar beruvchi, miqdoriy cheklangan litsenziyalar kiradi. Yakka tartibdagi litsenziyalar amal qilish hududi, faoliyat ob’ekti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan boshqa asoslarga ko‘ra miqdoriy cheklanadi.
• Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish, qoida tariqasida, tanlov (tender) asosida amalga oshiriladi.
• Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish tartibi va shartlari, shu jumladan tanlovlarni (tenderlarni) o‘tkazish shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Litsenziya talablari va shartlari
Faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirishda rioya etiladigan litsenziya talablari va shartlari faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomlar bilan belgilanib, ular quyidagi normalarni o‘z ichiga olishi lozim:
• litsenziatning qonun hujjatlariga rioya etishi shartligi to‘g‘risidagi;
• faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirishga da’vogar shaxslarga qo‘yiladigan malaka talablari, jumladan maxsus bilimlarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi;
• faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirishning maxsus shartlariga qo‘yiladigan talablar, jumladan foydalaniladigan moddiy-texnika bazasi, asbob-uskunalar, boshqa texnik vositalarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi.
Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomlarda litsenziyalanayotgan faoliyat turi xususida qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
Litsenziya olish uchun zarur bo‘ladigan hujjatlar
Litsenziya olish uchun litsenziya da’vogari tegishli litsenziyalovchi organga quyidagilarni taqdim etadi:
• litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza — unda: yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisobvarag‘i raqami; jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi va otasining ismi, fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning ma’lumotlari; yuridik yoki jismoniy shaxs amalga oshirishni mo‘ljallagan faoliyatning litsenziyalanayotgan turi (uning bir qismi), shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda faoliyatning mazkur turi;
• yuridik shaxslar uchun — yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
• jismoniy shaxslar uchun — yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
• litsenziyalovchi organ litsenziya da’vogarining arizasini ko‘rib chiqishi uchun litsenziya da’vogari yig‘im to‘laganligini tasdiqlovchi hujjat;
• faoliyatning ayrim turiga litsenziya olish uchun qo‘yiladigan talablar va shartlarni litsenziya da’vogari bajarishi mumkinligini tasdiqlovchi hamda qonun hujjatlarida belgilab qo‘yiladigan boshqa hujjatlar.
• Litsenziya da’vogaridan ushbu Qonunda hamda faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risidagi o‘zga qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
• Hujjatlar litsenziya da’vogari tomonidan litsenziyalovchi organga bevosita yoki pochta aloqasi vositalari orqali, ular olingani haqidagi tasdiqni olgan holda, yetkazib beriladi.
• Litsenziya olish uchun tegishli litsenziyalovchi organga yuborilgan hujjatlar ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinib, ro‘yxatning nusxasi mazkur organ tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan sana ko‘rsatilgan holda arizachiga yuboriladi (topshiriladi).
• Noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni taqdim etganligi uchun litsenziya da’vogari qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ularni soliq va statistika organlarida hisobga qo‘yish bilan bir vaqtda tegishlicha, adliya organlari yoki tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspektsiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Zarur hujjatlar ilova qilingan holda ariza-xabarnoma topshirilgan sanadan boshlab davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risida guvohnoma berish bilan tadbirkorlik sub’ektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishgacha bo‘lgan muddat 2 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatni tashkil qiladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-qoidalari (statistika xos raqamlari, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) berilishi, muhr va shtampni tayyorlashga ruxsatnomaning rasmiylashtirilishi) tugagandan keyin yuridik shaxsni tashkil etgan barcha tadbirkorlik sub’ektlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan yuridik shaxslarning davlat reestriga kiritiladi.
Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
• Tadbirkorlik sub’ektlarini yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza beruvchi (muassis yoki O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq muassislar tomonidan vakil qilib tayinlangan shaxs) ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga shaxsan kelib yoki pochta orqali mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakldagi ariza-xabarnoma taqdim etadi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza-xabarnomaga:
• davlat tilidagi ta’sis hujjatlarining ikki asl nusxasi (yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga taqdim etiladigan ta’sis hujjatlari — ustav yoki ta’sis shartnomasi va ustav yoki faqat ta’sis shartnomasi, bunda mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar uchun — ta’sis shartnomasi va ustav, to‘liq va kommandit shirkatlar uchun esa — faqat ta’sis shartnomasi, aktsiyadorlik jamiyatlari, xususiy korxonalar, fermer xo‘jaliklari hamda yuridik shaxs bo‘lgan dehqon xo‘jaliklari uchun — faqat ustav). Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar va xorijiy sarmoya ishtirokidagi boshqa korxonalar uchun notarial tasdiqlangan ta’sis hujjatlari talab etiladi;
• davlat bojining belgilangan miqdori to‘langanligi haqidagi bank to‘lov hujjati (dehqon xo‘jaliklari, shuningdek davlat korxonalari negizida tashkil etiladigan aktsiyadorlik jamiyatlaridan tashqari);
• firma nomlarining markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasida qulay firma nomi zaxiraga olinganligini tasdiqlaydigan yagona login va parol (keyingi o‘rinlarda — firma nomining zaxiraga olinishi tasdig‘i);
• uch nusxada muhr va shtamp eskizlari ilova qilinadi.
Xizmatni ko`rsatishning huquqiy asosi:
1.O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 maydagi 252-sonli “ O’zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o’z kuchini yo’qotgan deb hisoblash to’g’risida (O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko’rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida» 2017 yil 1 fevraldagi P-2750-son qarori)” gi Qarori
2.O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 apreldagi 239-sonli “2018-2020 yillar davrida faqat «yagona darcha» markazlari orqali ko’rsatiladigan davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etish jadvalini tasdiqlash to’g’risida” Qarori
3.O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 fevraldagi 66-sonli “O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro’yxatidan o’tkazish va hisobga qo’yish tizimini takomillashtirish to’g’risida» 2016 yil 28 oktyabrdagi PQ-2646-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida” Qarori
4.O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 fevraldagi PQ-2750-sonli “Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlarini ko’rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Qarori
5.O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 oktyabrdagi PQ-2646-sonli «Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro’yxatidan o’tkazish va hisobga qo’yish tizimini takomillashtirish to’g’risida»gi Qarori
6.O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 21 oktyabrdagi 357-sonli “Tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili bo’yicha davlat xizmatlari ko’rsatish yagona markazlari faoliyatini tashkil etish tartibi to’g’risidagi nizomga o’zgartirish kiritish haqida”gi Qarori
7.O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi PF-4848-sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” Qarori
8.O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 12 maydagi 222-II-sonli "Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro’yxati to’g’risida" Qarori
9.O’zbekiston Respublikasining 2000 yil 25 maydagi 71-II-sonli "Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to’g’risida"gi Qonuni
Yuklab olish uchun manba:
Xizmat narxi va to`lash tartibi:
Bepul
Xizmatni ko`rsatish muddati:
Ko'rib chiqilmoqda
Natijani olish usullari:
Shaxsan tashrif buyurish orqali. Bir vaqtning o'zida taqdim etiladigan hujjatlarning nusxalari foydalanuvchining Yagona portaldagi kabinetiga va uning elektron pochtasiga yuboriladi.
Xizmat natijasi:
Tadbirkorlikni litsenziyalash va davlat tomonidan tartibga solish masalalari bo‘yicha axborotlar taqdim etish
Rad etish sabablari:
• tegishli bo‘lmagan ro‘yxatga olish organiga murojaat qilish;
• mazkur Nizomda ko‘rsatilgan hujjatlarning to‘liq hajmda taqdim etilmaganligi. • ta’sis hujjatlari va muhr hamda shtamp eskizlarida ko‘rsatilgan firma nomining firma nomining zaxiraga olinishi tasdig‘ida ko‘rsatilgan firma nomiga mos kelmasligi;
• ta’sis hujjatlari va muhr hamda shtamp eskizlarida ko‘rsatilgan tashkiliy-huquqiy shaklning -O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tashkiliy-huquqiy shakl turlariga mos kelmasligi;
• ta’sis hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan ta’qiqlangan faoliyat turlarining ko‘rsatilishi.
Shikoyat arizasi berish tartibi:
Rad etish hollarida arizachi yuqori turuvchi tashkilotga qonunda ko'rsatilgan tartibda murojaat etishi mumkin.